Jahon | 10:56 / 06.06.2023
5014
3 daqiqa o‘qiladi

FT: Fransiya Yaponiyada NATO vakolatxonasi ochilishiga qarshi chiqyapti

Fransiya Yaponiyada NATO vakolatxonasini ochish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlamadi, deya xabar beradi FT. Uning manbalariga ko‘ra, Fransiya Xitoy bilan keraksiz keskinlikni yaratmoqchi emas. Avvalroq Makron NATO doirasi va uning geografiyasini kengaytirishga urinishlar katta xato bo‘lishini aytgan edi. 

Foto: FT

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron NATOning Tokioda ofis ochish haqidagi taklifiga e’tiroz bildirdi, deb yozadi Financial Times. Bu ofis Hind-Tinch okeani mintaqasidagi alyans uchun birinchi bo‘lishi mumkin, ammo Fransiyaning pozitsiyasi NATO doirasida bir necha oy davom etayotgan muhokamalarni murakkablashtirdi, deydi gazetaga vaziyat bilan tanish sakkiz kishi. 

AQSh va Yaponiya Yevropani Osiyo xavfsizligi masalalarida, ayniqsa Xitoyning Tayvan bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan mojarosidan xavotirlar fonida, ko‘proq ishtirok etishga chaqirmoqda, deb yozadi FT. FT fransuz manbalaridan biri NATO nizomiga ko‘ra, alyans o‘z geografiyasini «Shimoliy Atlantika» bilan cheklashni talab qilishini bildirdi. Manbaning ta’kidlashicha, NATOning Tokiodagi vakolatxonasi paydo bo‘lishi Ukrainadagi mojaro, xususan, YeIning Rossiyaga qurol yetkazib bermaslik haqidagi so‘rovlari nuqtayi nazaridan Xitoyning Yevropaga ishonchiga putur yetkazishi mumkin, deb yozadi gazeta. Munozaradan xabardor yana bir manbaning aytishicha, Fransiya «NATO va Xitoy o‘rtasida keskinlikni kuchaytiradigan» har qanday taklifni qo‘llab-quvvatlamoqchi emas. 

Makron o‘tgan hafta NATO Shimoliy Atlantikadan tashqariga kengaymasligi kerakligini aytdi: «Agar biz NATOni spektr va geografiyani kengaytirishga undasak, katta xatoga yo‘l qo‘yamiz», dedi Fransiya prezidenti FT’ga. 

NATOning yangi ofisini yaratish uchun butun Shimoliy Atlantika kengashining (NATOning asosiy qaror qabul qiluvchi organi) bir ovozdan qo‘llab-quvvatlashi talab qilinadi va Fransiya qaror qabul qilinishining oldini olish imkoniyatiga ega, deb yozadi Financial Times. NATO «davom etayotgan munozaralar» tafsilotlariga izoh berishdan bosh tortdi. Yaponiya hukumati FT’ga izoh bermadi. Gazetaga Yaponiyadagi manbaning aytishicha, Tokio NATO bilan aloqalarni mustahkamlashni xohlaydi. Oq uy ham FT so‘roviga javob bermadi. NATOning butun dunyoda, jumladan, Ukraina va Moldovada o‘nlab vakolatxonalari va delegatsiyalari bor, biroq ularning aksariyati kichik bo‘lib, mahalliy hukumatlar va harbiylar bilan aloqalarni osonlashtirish uchun mo‘ljallangan, deya ta’kidladi FT. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid