O‘zbekiston | 10:42 / 09.06.2023
8743
2 daqiqa o‘qiladi

Dam olish kunlari issiq harorat biroz pasayadi

Ushbu haftaning o‘rtasidan O‘zbekistonning g‘arbiy hududlariga Volgabo‘yi hududlaridan nisbatan salqin havo kirib keldi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, ikki kun davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida havo harorati +7...+10 darajaga pasaydi va kunduzi +30...+35 darajani tashkil etdi.

Bugun Buxoro, Navoiy viloyatlarida, shanba va yakshanba kunlari markaziy, janubiy va sharqiy viloyatlarda issiq biroz pasayadi. Biroq, respublika hududining katta qismida haroratning pasayishi shimoliy hududlardek sezilmaydi. Kunduzgi harorat +33...+38 darajagacha pasayadi.

Bugun va dam olish kunlari respublika bo‘yicha quruq ob-havo saqlanib turadi, faqat tog‘li hududlarda shanba va yakshanba kunlari qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

9-11 iyun kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 17-22 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi mumkin.

Poytaxtda 9-11 iyun kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 5-10 m/s tezlikda esadi, 9-10 iyunda 12-15 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat bugun kunduzi +38...+40 daraja, dam olish kunlari +36...+38 daraja bo‘ladi.

Haroratning pasayishi uzoq davom etmaydi. Keyingi haftada harorat foni avvalgi +35...+40 daraja, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda +41...+42 darajagacha bo‘lgan qiymatlarga qaytadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid