O‘zbekiston | 12:03 / 15.06.2023
9268
3 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qoldi

Foto: KUN.UZ

2023 yil 15 iyunda Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

MB bayonotiga ko‘ra, iqtisodiyotda inflatsiyaning fundamental va mavsumiy omillar ta’sirida sekinlashish dinamikasi davom etmoqda. Yil oxirigacha joriy tendensiyalar saqlanib qolinishi bilan birgalikda inflatsiyani keskin oshiruvchi xatarlar vujudga kelishi ehtimollari kamayib bormoqda.

Bazaviy inflatsiya va inflyatsion kutilmalarning barqaror pasayish trayektoriyasiga o‘tishi, kelgusida ham iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolgan holda asosiy stavkani pasaytirish imkoniyatlarini kuchaytiradi.

Joriy yil may oyida umumiy inflatsiya yillik hisobda 10,4 foizgacha sekinlashdi. Bunda, bazaviy inflatsiya sekinroq pasayib 12,4 foizni tashkil etdi.

Keng qamrovli inflyatsion jarayonlarning yumshab borayotgani iste’mol savatidagi narxi 10 foizdan oshgan tovar va xizmatlarning ulushini 50 foizgacha kamayishiga imkon berdi. Biroq, ushbu ko‘rsatkich 2020-2021 yillardagi 30-40 foizdan yuqori darajada shakllangan.

Keyingi 12 oy uchun aholining inflyatsion kutilmalarini pasayuvchi trendi davom etib, may oyida 13,7 foizni tashkil etdi. Ichki iqtisodiy sharoitlarning barqarorlashib borayotgani tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalarining 13,5 foizgacha pasayishida o‘z aksini topdi.

Global inflatsiya jarayonlari, asosan, energetika va xomashyo bozorlaridagi narxlarning o‘tgan yilgi oshiruvchi ta’sirining kamayishi hisobiga sekinlashayotgan bo‘lsa-da, inflatsiyaning target ko‘rsatkichlaridan balandligi va xizmatlar sohasidagi oshiruvchi xatarlar saqlanib qolayotganligi tashqi moliyaviy sharoitlarning qat’iy shakllanishiga sabab bo‘lmoqda.

Milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari may oyida biroz pasayib, 22,8 foiz darajasida shakllandi. Kreditlash hajmining o‘sishi asosan chakana kreditlarni yuqori sur’atlarda o‘sishi hisobiga ta’minlanmoqda. May oyi yakunlari bo‘yicha chakana kreditlar qoldig‘i o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 barobarga ko‘paygan.

Makroiqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysi doirasida 2023 yil yakuniga qadar inflatsiyaning 8,5-9,5 foizgacha pasayishi hamda inflatsiyani pasaytiruvchi omillar ta’sirini oshiruvchi omillarga nisbatan kuchliroq bo‘lishi kutilmoqda.

Nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining saqlab qolinishi va tashqi sharoitlarning narxlarga nisbatan ta’sirlari mo‘’tadilligi inflatsiyani pasaytiruvchi omillar sifatida qaralmoqda.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2023 yil 27 iyulga belgilangan.

Mavzuga oid