Iqtisodiyot | 15:04 / 15.06.2023
58690
3 daqiqa o‘qiladi

“Suv bo‘yicha keskin takliflar tayyorlayapmiz” – Sherzod Qudbiyev

Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Qudbiyev 2024 yilgi davlat budjetiga suvni tejashni rag‘batlantiradigan mexanizmlar kiritilishini aytdi. “Suvni sarflash madaniyati, uni o‘lchash va yetkazib berish bo‘yicha juda keskin takliflarimizni tayyorlayapmiz”, - dedi vazir.

Foto: KUN.UZ

14 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat budjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari budjetlarining 2022 yildagi hamda 2023 yilning birinchi choragidagi ijrosi ko‘rib chiqildi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Qudbiyevning so‘zlariga ko‘ra, hukumat suvni sarflash madaniyati va uni o‘lchash, yetkazib berish bo‘yicha juda keskin takliflarni tayyorlayapti.

“Ular tayyor bo‘lishi bilan 2024 yil budjet loyihasida ham ko‘rasizlar, suvga bo‘lgan munosabatimizni keskin o‘zgatiradigan va uni tejashni rag‘batlantiradigan mexanizmlar haqida o‘ylayapmiz”, - dedi vazir.

IMV vazirining aytishicha hisobot davrida 1 mln 600 ming aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlangan, 3,4 mln aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilangan.

Buning uchun suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish jamg‘armasiga 172ta loyiha uchun 2, 1 trln so‘m mablag‘ ajratilib, 1800 km ichimlik va 50 km oqava suv quvurlari o‘tkazilgan, 270ta inshootda qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan.

“Irrigatsiya yo‘nalishida 235ta obekt uchun 1 trln so‘m, melioratsiya yo‘nalishda 99 obekt uchun qariyb 360 mlrd so‘m sarflandi. Ushbu loyihalarni amalga oshirish natijasida irrigatsiya va melioratsiya obektlarini texnik holati yaxshilanib, hududlardagi 348 ming gektar maydonlardagi suv ta’minoti va 150 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonlarining holati yaxshilanishga erishildi”, - dedi vazir o‘z hisobotida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyi boshida O‘zbekistonga kelgan Kristalina Georgiyeva suv muammosiga e’tibor qaratgandi. U O‘zbekistonda suvning bozor narxi shakllanmagani, bu hukumat birinchilardan bo‘lib amalga oshirishi kerak bo‘lgan islohot ekanini aytgandi.

Avvalroq, Suv xo‘jaligi vazirligi 2030 yilga borib O‘zbekistonga 7 milliard kub metr suv yetishmasligini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid