O‘zbekiston | 08:26 / 15.06.2023
3309
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy Qashqadaryo va Buxoroda fotoelektr stansiyalari qurmoqchi

Foto: Dunyo

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning China Energy kompaniyasi boshqaruvi raisi Song Xayliang bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, unda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning bugungi holati va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida umumiy quvvati 1000 MVtga teng bo‘lgan fotoelektr stansiyalari va Samarqand viloyatida quvvati 3 million tonna bo‘lgan sement zavodini qurish loyihalarining amalga oshirilishi atroflicha ko‘rib chiqildi.

Tomonlar ushbu obektlarni imkon qadar tezroq ishga tushirish muhimligini ta’kidlab, joriy yilda 400 MVt quvvatga ega fotoelektr stansiyalari va sement zavodini, qolgan 600 MVt quvvatlarni keyingi yil oxirigacha ishga tushirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga kelishib oldilar.

Xitoy tomoni hududlarda energiya tizimlarini yanada modernizatsiya qilish va «yashil» energiya ishlab chiqarish sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha rejalari bilan o‘rtoqlashdi. Kompaniyaning infratuzilmani rivojlantirish sohasida innovatsion ishlanmalarni qo‘llash doirasida maslahat va texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligi ta’kidlandi.

Muzokaralar yakunida kelishuvlarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari, ijrochilari va muddatlari aks etgan qo‘shma ishchi guruh tuzish va loyihalarni amalga oshirish dasturini ishlab chiqish masalasi kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid