Jahon | 08:42 / 16.06.2023
5419
3 daqiqa o‘qiladi

Gretsiya sohillarida avariyadan keyin omon qolgan migrantlar qidirilyapti

Foto: AP

Gretsiya yaqinida cho‘kib ketgan kema bortida 750 ga yaqin odam bo‘lgan. Qutqaruvchilar 78 ta jasadni topishgan.

Gretsiya qirg‘oqlari yaqinida qutqaruvchilar o‘nlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan halokatli kemadan omon qolganlarni qidirishni davom ettirmoqda. Gretsiya qirg‘oqni qo‘riqlash xizmati vakilining 15 iyun, payshanba kuni ma’lum qilishicha, Peloponnes yarimoroli g‘arbida olib borilgan qidiruv operatsiyasiga bir vertolyot, ikkita patrul kateri va yana oltita qayiq jalb qilingan.

Qutqaruvchilar qurbonlar soni ortishidan xavotirda, chunki cho‘kib ketgan kema bortida, tirik qolganlarning so‘zlariga ko‘ra, 750 ga yaqin odam bo‘lgan. Sohil xavfsizlik xizmati hozirgacha 78 jasadni topdi. Bir kun oldin 79 kishi vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Ilgari qidiruv ishlari kuchli shamol tufayli murakkablashgandi. Gretsiya rasmiylariga ko‘ra, 14 iyun kuni ertalab haddan tashqari ko‘p yuklangan baliq ovlash kemasi halokatga uchragan – uning dvigateli buzilgan, shundan so‘ng kema ag‘darilib, 10-15 daqiqadan so‘ng cho‘kib ketgan. 104 kishi qutqarildi.

"Baliq ovlovchi trauler 25-30 metr uzunlikda edi. Uning palubasi va tryumi odamlar bilan to‘la bo‘lgan", dedi Gretsiya qirg‘oqni qo‘riqlash vakili. U qutqarilganlar asosan Suriya, Pokiston va Misrdan ekanini, kemada faqat erkaklar bo‘lganini aytdi. Shu bilan birga, omon qolganlardan biri shifokorlarga trauler yukxonasida yuzlab bolalar bo‘lganini bildirgan.

Gretsiya hukumati uch kunlik motam e’lon qildi. O‘lganlar soni so‘nggi yillardagi eng yuqori darajaga yetdi. Gretsiyadagi eng jiddiy kema halokati 2016 yilning 3 iyunida sodir bo‘lgan, o‘shanda 320 kishi halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan. Gretsiya, Italiya va Ispaniya bilan bir qatorda, Afrika va Yaqin Sharqdan Yevropaga intilayotgan o‘n minglab muhojirlar uchun asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid