O‘zbekiston | 17:56 / 19.06.2023
20558
5 daqiqa o‘qiladi

Qabul-2023: kvotalar tasdiqlangan, lekin hali to‘liq emas

Qabul boshlanishiga 3 kun qolganda OTMlarning bakalavriat va magistraturasiga grant asosida qabul parametrlari tasdiqlandi. Lekin kontrakt kvotalari va umumiy kvotaning tillar kesimida taqsimoti hamda maqsadli qabul kvotalarini tasdiqlash hali kutib turibdi. Qabul esa ertadan boshlanishi kerak.

Foto: Kun.uz

2023/2024 yilgi qabulda bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakliga 34 860 nafar talaba davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili grant kvotalar soni 31 748 ta bo‘lgandi.

Magistrlar tayyorlash bo‘yicha esa 8 923 ta grant o‘rin ajratildi. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich 8852 tani tashkil etgan.

Hali nimalar tasdiqlanmadi?

Umumiy grant kvotalar doirasida maqsadli qabul kvotalarini tuman (shahar) kesimida hamda ta’lim tillari bo‘yicha taqsimotini Davlat qabul komissiyasi 20 iyungacha tasdiqlashi kerak.

Davlat oliygohlariga to‘lov-kontrakt asosidagi kvotalar ham 20 iyungacha tasdiqlanishi kerak.

To‘lov-kontrakt kvotalarini tizimida OTMlar bo‘lgan vazirlik va idoralar Iqtisodiyot va Oliy ta’lim vazirliklari bilan kelishgan holda, moliyaviy mustaqillik berilgan davlat OTMlar esa Kuzatuv kengashlari qarori asosida tasdiqlaydi.

Lekin bugun, 19 iyun ham tugayapti, hali kvotalar to‘liq e’lon qilinmadi.

Faqat taxminiy bir narsa aniq: grant o‘rinlari 60 ming, umumiy qabul kvotasi 381 ming bo‘lishi kutilyapti.

Bloger, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, prezident farmoyishi bilan faqat umumiy grant kvotasi e’lon qilingan. Imtiyozli grant o‘rinlari qo‘shib hisoblansa, jami grant o‘rinlari 60 mingtani tashkil qiladi.

Bular:

·       Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun umumiy qabuldan 2% li kvota (taxminan 5 mingga yaqin grant);

·       Harbiy tavsiyanomalilar uchun qo‘shimcha kvota (taxminan 2,5 ming grant);

·       Xotin-qizlar uchun 2 mingta kvota;

·       Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun umumiy qabuldan 1% li kvota (taxminan 2 mingdan ortiq grant);

·       So‘xliklar uchun 500 ta kvota;

·       Harbiylarning farzandlari uchun davlat grantidan 2% li kvota (taxminan 680 ta);

·       IIO xodimlari farzandlari uchun davlat grantidan 5% li kvota (taxminan 1700 ta);

·       Bojxona xodimlari farzandlari uchun davlat grantidan 2% li kvota (taxminan 680 ta).

Qabul ertaga boshlanadimi?

Bilim va malakalarni baholash agentligi avvaldan bu yilgi qabul 20 iyundan boshlanishi haqida ma’lumot berib kelyapti. Hujjat topshirish qanday amalga oshirilishi haqida qo‘llanma ham e’lon qilindi. Lekin bugun kunning shu qismigacha agentlik kanalida “Ertaga, 20 iyun qabul boshlanadi” degan xabar berilmadi.

Yana nimalar ahamiyatli?

·       Nodavlat OTMlar uchun grant o‘rinlari ajratiladi

Kvotalarga oid prezident farmoyishida nodavlat universitet va institutlar uchun 1000 ta grant o‘rni ajratilishi belgilangan.

Bu o‘rinlar xususiy va xorijiy OTM yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimlanib, qabul komissiyasi tomonidan tasdiqlanishi va 1 iyulgacha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi saytida e’lon qilinishi kerak.

Xususiy OTM imtihonlari tugagach, eng yuqori ball to‘plab talaba bo‘lganlar va grant olishni istaganlar OTM va vazirlik bilan birgalikda 3 tomonlama shartnoma imzolaydi. Bu shartnoma asosida ular o‘qishni tugatib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha ishlab berish majburiyatini oladi. Ishlash muddati yo‘nalish xususiyatiga qarab turlicha belgilanadi.

·       Xotin-qizlarning magistraturada o‘qish pullari qoplanadi

Bu yil ham magistraturaga kontrakt asosida qabul qilinadigan xotin-qizlarning kontrakt pullari davlat tomonidan hech qanday shartlarsiz to‘lab beriladi.

Ma’lumot uchun: magistraturaga o‘qishga kirish uchun chet tili sertifikati majburiy. Filologiyaga oid yo‘nalishlar uchun sertifikat darajasi kamida C1, boshqa yo‘nalishlar uchun B2 bo‘lsa yetarli. 

Mavzuga oid