O‘zbekiston | 13:18 / 26.06.2023
21554
5 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud plenumi tomonidan 4 ta yangi qaror qabul qilindi

Ushbu hujjatlarda asossiz jinoiy ta’qibga uchragan shaxslarga yetkazilgan ziyonni qoplash, firibgarlik bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish bo‘yicha shaxsning harakatlariga qonuniy va asosli baho berish, intellektual mulk muhofazasini ta’minlash yo‘nalishidagi amaliyotni takomillashtirish masalalari aks ettirilgan.

Foto: Oliy sud axborot xizmati

23 iyun kuni bo‘lib o‘tgan Oliy sud Plenumining navbatdagi majlisida Oliy sud Plenumining “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”, “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”, “Reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyonni qoplash va uning boshqa huquqlarini tiklash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida” va “Intellektual mulkka oid ishlarni ko‘rib chiqishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.

Qayd etilishicha, keyingi paytda mulkka tajovuz qilish bilan bog‘liq jinoyatlar orasida firibgarlik turli xil yangi usullarda sodir etilayotganligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanilgan holda sodir etish holatlari ortib borayotgani ushbu toifadagi ishlarni doimiy tahlil qilish orqali jinoyat sodir etilishiga olib kelayotgan omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqish lozimligini ko‘rsatmoqda.

Foto: Oliy sud axborot xizmati

“Bundan tashqari, firibgarlik bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish bo‘yicha shaxsning harakatlariga qonuniy va asosli baho berishda, qilmishni to‘g‘ri kvalifikatsiya qilishda, jinoyat tarkibi hamda fuqarolik-huquqiy munosabat o‘rtasidagi farqni aniqlashda yagona sud amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagani Oliy sud Plenumining 2017 yil 11 oktyabrdagi «Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida»gi qarorini tanqidiy qayta ko‘rib chiqishni taqozo qildi”, deyiladi Oliy sud matbuot xizmatining xabarida.

Firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat ishlarini ko‘rishda, ayniqsa, fuqarolik-huquqiy munosabatlaridan kelib chiqqan nizolarni firibgarlik jinoyatlaridan farqlashda anglashilmovchiliklar kelib chiqayotgani, qonun normalari bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanishini ta’minlash maqsadida Plenumning “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarori yangi tahrirda qabul qilindi.

Foto: Oliy sud axborot xizmati

Reabilitatsiya – bu asossiz jinoiy ta’qibga uchragan shaxsning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklashdir. Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar davomida minglab shaxs reabilitatsiya qilinib, ularning buzilgan huquqlarini tiklash haqida sud qarorlari chiqarildi. Biroq reabilitatsiya etilgan shaxslarga yetkazilgan ziyonni qoplash va ularning boshqa huquqlarini tiklashda nafaqat sudlarda, balki bu masalaga doir mutasaddi idoralarda ham yillar davomida tushunmovchiliklar yuzaga kelayotganligi sababli “Reabilitatsiya etilgan shaxsga yetkazilgan ziyonni qoplash va uning boshqa huquqlarini tiklash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi yangi Plenum qarori loyihasi ishlab chiqilib, qabul qilindi. Unda ilk bor aynan kimlar reabilitatsiya qilingan shaxs, deb hisoblanishi, qaysi hollarda yetkazilgan mulkiy ziyonlar to‘la hajmda qoplanishi va boshqa muhim tushuntirishlar berib o‘tilgan.

Foto: Oliy sud axborot xizmati

Intellektual mulk obektlari muhofazasini ta’minlash bilan birga ularni samarali himoya qilish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish va amalga oshirish hamda bu yo‘nalishdagi amaliyotni takomillashtirish davr talabidir. Shu maqsadda, sudlar tomonidan bu boradagi da’vo arizalari, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqishda turlicha yondashuvlarning oldini olish va sud amaliyotini birxillashtirish zarurati mavjudligi sababli Oliy sud Plenumi tomonidan qonunni qo‘llash bo‘yicha tushuntirish berishni davrning o‘zi taqozo etdi. Ishlab chiqilgan Oliy sud Plenumining “Intellektual mulkka oid ishlarni ko‘rib chiqishning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarorida bu boradagi ishlarni ko‘rishda yagona sud amaliyotini shakllantirishga oid tushuntirishlar aks ettirildi.

Foto: Oliy sud axborot xizmati

Mavzuga oid