Jahon | 22:59 / 06.07.2023
10490
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar yetkazib berishi mumkin - OAV 

Avvalroq Vashington tinch aholiga tahdid borligi sababli Kiyevga bunday o‘q-dorilarni yuborishga rozi bo‘lmagan. 

Foto: Reuters

Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar yetkazib berishini e’lon qilmoqchi. Bu haqda AQSh prezidenti ma’muriyatining yuqori martabali amaldoriga asoslanib, The New York Times xabar berdi. 

Nashrning qayd etishicha, avvalroq Vashington tinch aholiga tahdid borligi sababli Kiyevga bunday o‘q-dorilarni yuborishga rozi bo‘lmagan. 

CBS News amerikalik rasmiylarga tayanib, AQSh Ukrainaga kassetali o‘q-dorilar yetkazib berishni ma’qullash to‘g‘risida shu hafta qaror qabul qilishini yozmoqda. Vashington Kiyevga bunday raketalarni yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, chunki Ukraina «kutilganidan sekinroq» davom etayotgan qarshi hujum uchun o‘q-dorilarga muhtoj. 

Kassetali bomba portlaganda, atrofga kichikroq portlovchi o‘q-dorilarni sochadi. Ulardan foydalanish tinch aholi uchun xavf tug‘diradi, chunki portlamay qolgan bombalar o‘ziga xos minaga aylanishi mumkin. Kassetali o‘q-dorilardan foydalanish 2008 yilgi konvensiya tomonidan taqiqlangan. 2022 yil holatiga ko‘ra, konvensiyaga jami 123 ta davlat imzo chekkan. 

6 iyul kuni Human Righs Watch tashkiloti Rossiya va Ukraina kuchlari urush paytida allaqachon kassetali o‘q-dorilardan foydalangani, bu esa tinch aholi orasida qurbonlarga olib kelgani haqida xabar berdi. Huquq himoyachilarining aytishicha, agar Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga bunday o‘q-dorilarni yetkazib berishga rozi bo‘lsa, bu «muqarrar ravishda tinch aholining qurbon bo‘lishiga olib keladi». 

Mart oyi boshida Reuters agentligi Ukraina hukumati Qo‘shma Shtatlardan kassetali o‘q-dorilar so‘raganini yozgan edi. Kiyev Vashingtondan odatda samolyotdan tashlanadigan MK-20 kassetali bombalarni so‘ragan. Har bir bunday bomba havoda ochiladi va 240 dan ortiq o‘q-dorilarni atrofga sochadi. 

Mavzuga oid