Jahon | 11:22 / 06.07.2023
8561
3 daqiqa o‘qiladi

Urib tushirilgan «Boing»: BMT Xalqaro sudiga Eronga qarshi da’vo kiritildi

Buyuk Britaniya, Ukraina, Shvetsiya va Kanada Eron bilan «Boing» halokati qurbonlariga tovon puli to‘lash borasida kelisha olmadi va xalqaro sudga murojaat qildi. Ukraina layneri 2020 yilda Eron qurolli kuchlari tomonidan urib tushirilgan. 

Foto: Reuters

Britaniya, Ukraina, Shvetsiya va Kanada 4 iyul, seshanba kuni BMT Xalqaro sudiga Eronga qarshi ish qo‘zg‘atish uchun qo‘shma ariza topshirdi, deyiladi sudning chorshanba kuni e’lon qilgan press-relizida. Ariza 8 yanvar kuni Tehron yaqinida ro‘y bergan Ukraina laynerining halokati munosabati bilan berilgan.

Bortda 167 yo‘lovchi va 9 ekipaj a’zosi bo‘lgan, hech kim omon qolmagan. Halok bo‘lganlar ro‘yxatida Eronning 82, Kanadaning 63, Ukrainaning 11 va Shvetsiyaning 10 fuqarosi, shuningdek, boshqa davlatlardan bo‘lgan bir necha yo‘lovchi (jumladan, Germaniyaning 3 fuqarosi) bor edi. 

Bayonotda ta’kidlanishicha, Eron «xalqaro standartlarga muvofiq to‘liq, shaffof va xolis sudgacha bo‘lgan tergov va sud jarayonini o‘tkazmagan», shuningdek, «Monreal konvensiyasining 1-moddasida aytilgan, jinoyatning noqonuniy va qasddan sodir etilishining oldini olish uchun barcha amaliy choralarni ko‘rmagan». 

2022 yil 6 yanvarda Kanada, Buyuk Britaniya, Shvetsiya va Ukraina hukumatlari vakillari Eronni 2020 yilda urib tushirilgan Ukraina «Boing» uchun tovon to‘lash bo‘yicha muzokaralarga jalb qilish urinishdan voz kechgani va muammoni xalqaro huquq normalariga muvofiq hal qilishga harakat qilishi haqida bayonot berdi. 

«Oxirgi ikki yil davomidagi sa’y-harakatlarimiz va ushbu muammoni muzokaralar yo‘li bilan hal qilish bo‘yicha ko‘plab urinishlarimizga qaramay, xalqaro komissiya PS 752 reysi urib tushirilgani uchun tovon puli to‘lashga oid muzokaralar olib borish bo‘yicha keyingi urinishlar hozircha foydasiz degan xulosaga keldi», — deyiladi hujjatda. 

2020 yil fevral oyida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Tehron tomonidan qurbonlar oilalariga 80 ming dollar (70 900 yevro) to‘lash taklifini rad etib, bu mablag‘larni yetarli emas deb hisobladi. 

Mavzuga oid