O‘zbekiston | 11:27 / 10.07.2023
15407
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta davomida issiq harorat yanada kuchayishi kutilmoqda

Ushbu haftaning katta qismida O‘zbekiston hududi bo‘yicha ob-havo Eron hududlaridan issiq havo kirib kelishi bilan belgilanadi.

Foto: Kun.uz

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, havo harorati kundan-kunga ko‘tariladi. Hududning katta qismida issiq ob-havoning cho‘qqisi hafta o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. 12-13 iyul kunlari kunduzgi havo harorati +40...+42 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda +43...+45 darajagacha ko‘tariladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining shimolida 11-12 iyul kunlari eng yuqori harorat +43...+45 daraja bo‘lishi kutilmoqda.

Kuchli issiq qisqa muddat kuzatiladi. 13 iyulda O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlarida, 14 iyulda respublikaning barcha hududlarida atmosferadagi janubiy oqimlar g‘arbiy oqimlarga o‘zgaradi va havo harorati +33...+38 darajagacha, janubda +40 darajagacha pasayadi. Bunday harorat foni dam olish kunlarida ham saqlanib turadi.

Ushbu hafta davomida respublikaning barcha hududlari bo‘yicha havo kam bulutli va asosan quruq bo‘lishi kutilmoqda.

10-12 iyulda shimolda va cho‘l hududlarda, 13-14 iyul kunlari respublika bo‘yicha shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon bilan kuzatilishi kutilmoqda.

Poytaxtda 10-14 iyul kunlari asosan kam bulutli ob-havo bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol tezligi asosan kuchsiz bo‘ladi, 14 iyulda 10-12 m/s gacha kuchayishi mumkin. Bugun kunduz kuni harorat +37...+39 daraja bo‘ladi, 11-13 iyulda harorat asta-sekin ko‘tariladi va 12-13 iyul kunlariga borib +39...+42 darajagacha, 14 iyulda +36...+38 daraja bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid