Frontdagi vaziyat: Ukraina taktikani o‘zgartirdi
Hozircha front chizig‘i o‘zgarishsiz qolmoqda, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasining front ortiga zarba yo‘llashga e’tibor qaratmoqda.
Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov 4 iyul kuni Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumning hozirgi bosqichida raqibning jonli kuchi va texnikalarini yo‘q qilishga urg‘u qaratgani, hududlar ozod etilishi esa RF qurolli kuchlari holdan toyishi ortidan ro‘y berishini aytgandi. Ko‘pchilik buni qarshi hujum «strategiyasi o‘zgarishi» sifatida qabul qildi, boshqa ukrain siyosatchilari amaliyot oldindan shunday o‘ylanganini ta’kidlamoqda.
Ammo agar strategiya o‘zgarmagan bo‘lsa ham, Ukraina qurolli kuchlari taktikasi o‘zgartirilgani ko‘rinib turibdi: iyun oyi boshida ukrain armiyasi Rossiya mudofaa liniyasini zirhli tank bo‘linmalari bilan yorib o‘tishga urinayotgandi, oyning ikkinchi yarmidan esa Rossiyaning front orti hududlariga zarbalar berishga hamda RF qurolli kuchlarining mustahkamlangan punktlarini artilleriya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan piyodalar otryadlari bilan shturm qilishga e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi kunlarning o‘zida Rossiyaning front chizig‘iga eng yaqin joylashgan o‘q-dori omborxonalari, artilleriya, havo hujumidan mudofaa va radioelektron kurash tizimlariga zarbalar berilgani aks etgan yuzdan oshiq videolar namoyish etildi.
RF qurolli kuchlari ham shunday javob bermoqda: ukrainlarning front ortiga zarbalar iyun oyi boshidan buyon davom etmoqda. Endi bunga Rossiya qismlarining ham frontning turli uchastkalarida amalga oshirayotgan kichik hujumlari qo‘shilgan — bundan maqsad ukrain zaxiralari mamlakat janubidagi va Baxmut atrofidagi asosiy zarba yo‘nalishlariga yuborilishining oldini olish hisoblanadi.
Baxmut
- Hozirda har ikki tomonning ham Baxmut frontidagi qanotlarda jamlangan kuchlari son jihatdan mamlakat janubida jang qilayotgan tuzilmalardan ko‘proq. Ukraina qurolli kuchlari bu yerda may oyidan buyon rossiyaliklarning pozitsiyalariga hujum qilmoqda, ammo faqat iyul oyi boshiga kelib Baxmutdan janubda Rossiya mudofaasining muhim nuqtasiga yetib keldi. Gap Kleshchiyevka qishlog‘idan g‘arbdagi tepaliklar haqida bormqoda, bu yerda Ukraina qurolli kuchlari Rossiyaning keng ko‘lamli bosqiniga qadar katta istehkomlar barpo etgandi. 2022 yil dekabrida bu pozitsiyalar «Vagner» XHK kuchlari tomonidan egallandi, bu esa Baxmutning janubiy hududlari tezda qulashiga olib keldi. Endi ukrain kuchlari bu pozitsiyalarni qaytarishga harakat qilmoqda. 9 iyul kuni Ukraina qurolli kuchlari ushbu mustahkamlangan hudud yaqinida hujumga o‘tgani aks etgan video paydo bo‘lgandi; uning natijasi hozircha noma’lum.
- Kleshchiyevka va uning atrofidagi tepaliklar ozod qilinsa, Ukraina qurolli kuchlari Baxmutni janubdan o‘rab olishga va RF qurolli kuchlarining Baxmutdagi guruhi ta’minoti amalga oshiriladigan Horlivka va Popasnayaga olib boruvchi yo‘lni to‘sib qo‘yishga muvaffaq bo‘ladi.
- Baxmut frontining shimoliy qanotida Ukraina QK shaharning shimoli-g‘arbiy chekkalaridagi Berxovka qishlog‘i va Yahidne posyolkasiga yana hujum qilmoqda. Ammo hozircha jiddiy yutuqlarga erishilmagan.
Orixiv yo‘nalishi
Janubiy front markazida Ukraina qurolli kuchlari Orixiv shahri tomondan muhim yo‘llar kesishmasiga va RF qurolli kuchlarining Tokmakdagi front orti bazasiga yetib kelishga urinmoqda. Bu yo‘nalishda birinchi nishon Rossiya armiyasining birinchi mudofaa liniyasi o‘tgan Rabotine posyolkasi bo‘lib qolmoqda.
So‘nggi kunlarda Ukraina qurolli kuchlari ushbu posyolkaga yaqinlashib kelishgan. Ukrain piyodalari Orixiv — Tokmak yo‘li bo‘yidagi birinchi qator xandaqlarini shturm qilib egallashgan, ammo hozircha RF qurolli kuchlari mudofaasini yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lishmagan.
Boshqa yo‘nalishlar
RF qurolli kuchlari ikkita yurishni tashkillashtirgan (katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari zaxiralarini band qilish maqsadida). Rossiyaning yirik kuchlari Avdiyivkadan shimolda hujumga o‘tgan, bu yerda Rossiya armiyasi bungacha shahar va uning atrofidagi ukrainlarning yirik istehkomlarini qurshovga olish uchun amalga oshirgan ko‘p urinishlari samarasiz yakunlangandi. Janglar kimyo zavodi atrofida — Ukraina qurolli kuchlari nazorat qilayotgan texnogen tepaliklarni egallash uchun kechmoqda. Katta ehtimol bilan, bu RF qurolli kuchlarining Baxmut egallanganidan keyin eng yirik (jalb etilgan kuchlar miqdori jihatidan) yurishi bo‘lmoqda. Hujum natijalari hozircha aniq emas.
RF qurolli kuchlarining yana bir hujumi — ko‘lami jihatdan Avdiyivkadagidan kichikroq — Svatove yo‘nalishida olib borilmoqda, bu yerda Rossiya kuchlari Ukraina qurolli kuchlari qishda ozod etgan Novoselovskoye qishlog‘i va Kuzemovka temiryo‘l stansiyasini egallashga harakat qilmoqda. Hozircha Rossiya qo‘shini bu uchastkada qaysidir hududni egallashga muvaffaq bo‘lgani haqida ma’lum emas.