Iqtisodiyot | 19:00 / 11.07.2023
32673
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston so‘nggi 4 oyda rekord miqdorda piyoz eksport qildi

Mart oyidan boshlab tashqi bozorlarga 222,8 ming tonna piyoz jo‘natildi.

Foto: EastFruit

O‘zbekistondan piyoz eksportiga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilingan kundan deyarli to‘rt oy o‘tdi va o‘tgan davr mobaynida ushbu mahsulot rekord hajmda tashqi bozorlarga yetkazib berildi. O‘zbek piyozining asosiy xaridorlari Qozog‘iston va Rossiya bo‘lib, ular umumiy eksportning deyarli 90 foizini tashkil qiladi. Bu haqda EastFruit tahlilchilari ma’lumot berdi.

O‘zbekiston piyoz eksportiga qo‘yilgan cheklovni 2023 yil 15 martdan, eksport taqiqlangan kundan boshlab ikki oydan kamroq vaqt ichida bekor qildi. Dastlabki savdo statistik ma’lumotlariga ko‘ra, eksport cheklovi bekor qilingan kundan boshlab 3,5 oy davomida tashqi bozorlarga 222,8 ming tonna piyoz jo‘natildi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 53 foizga ko‘pdir.

Shu bilan birga, joriy mavsumda ushbu mahsulotlar eksporti geografiyasi keskin kengayganiga qaramay, o‘zbek piyozi umumiy eksportining 95 foizi YeOII mamlakatlari bozorlariga yetkazib berildi:

- Qozog‘iston – 129,4 ming tonna (umumiy eksportning 58,1%);

- Rossiya - 70,1 ming tonna (31,4%);

- Qirg‘iziston – 8,1 ming tonna (3,6%);

- Belarus - 4,8 ming tonna (2,1%).

May oyining oxiridan iyun o‘rtalarigacha bo‘lgan sezilarli pasayishdan keyin, so‘nggi uch hafta ichida O‘zbekistonda piyoz narxi bir xil darajada barqaror bo‘ldi.

2023 yil 26 mayidan 16 iyuniga qadar joriy yil hosili piyozining o‘rtacha ulgurji narxi 4500 dan 2500 so‘m/kg.ga (0,39 dan 0,22 AQSh dollari) tushdi, ya’ni uch hafta ichida 44 foizga. Bunday narx dinamikasining asosiy omili ichki bozorda yetarlicha taklif hajmi saqlanib qolgan holda tashqi bozorlarda o‘zbek piyoziga talabning pasayishi bo‘lgan.

Mavzuga oid