Jahon | 10:04 / 15.07.2023
8538
3 daqiqa o‘qiladi

«G‘alla bitimi»: Erdo‘g‘an Rossiya bilan kelishuv borligini ma’lum qildi

Foto: Reuters

Biz Putinni avgust oyida qabul qilishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz va «g‘alla bitimi»ni uzaytirish kerakligini tushunyapmiz, dedi Turkiya prezidenti. Kreml bu bayonotni rad etdi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan «g‘alla bitimi»ni uzaytirish zarurati haqida bir xil pozitsiyaga ega ekanligini aytdi. Bu haqda 14 iyul, juma kuni AFP va Reuters xabar qildi. «Biz Putinni avgust oyida qabul qilishga tayyorgarlik ko‘ryapmiz, Qora dengiz don yo‘lagi bo‘yicha kelishuvni uzaytirish masalasida ham o‘zaro tushunishga egamiz», — deya Erdo‘g‘anning so‘zlarini keltiradi AFP. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh kotibi Antoniu Guterrish shu hafta Putinga kelishuvni uzaytirish imkoniyati haqida maktub yo‘lladi. Guterrish Rossiya o‘g‘itlarini eksport qilish yo‘lidagi to‘siqlarni olib tashlashga chaqirdi. AFP xabariga ko‘ra, Erdo‘g‘an «ushbu maktub tufayli birgalikdagi sa’y-harakatlar va Rossiyaning harakati bilan g‘alla yo‘lagining kengayishi ta’minlanadi», deya umid bildirdi. 

Rajab Toyyib Erdo‘g‘an BMT va Turkiya sa’y-harakatlari tufayli kelishuv 17 iyuldan keyin uzaytirilishini kutmoqda, deya qayd etadi Reuters. 
 
Shu bilan birga, matbuot kotibi Dmitriy Peskov «Interfaks»ga Rossiya rasmiylari don shartnomasini uzaytirish haqida hech qanday bayonot bermaganini aytdi. «Biz bu bo‘yicha hech qanday bayonot berganimiz yo‘q», — dedi Peskov. 

Rossiya bir necha bor BMT va Turkiya vositachiligida 2022 yilning yozida Qora dengizdagi Ukraina portlarining Rossiya dengiz blokadasini tugatgan kelishuvni uzaytirmaslik bilan tahdid qilgan. 

Moskva bu tashabbus kelishuvning ajralmas qismi ekanligini ta’kidladi va uning ikkinchi qismi, xususan, Rossiyaning oziq-ovqat va o‘g‘itlar eksportini ochishni nazarda tutuvchi Rossiya-BMT memorandumi amalga oshirilmayotganini bildirdi. 

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Qora dengiz g‘alla tashabbusi tufayli o‘tgan yili 32 million tonna g‘alla tashilgan va bu dunyoda oziq-ovqat narxining pasayishiga katta hissa qo‘shgan. 

Mavzuga oid