Jahon | 10:57 / 17.07.2023
4572
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya raketalarga qarshi qo‘shma mashg‘ulot o‘tkazdi

Yapon dengizidagi manyovrlar davomida AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya harbiy-dengiz kuchlari kemalari Shimoliy Koreyaning ehtimoliy raketa uchirishi holati bo‘yicha mudofaa amaliyotini o‘tkazdi. Bunday mashg‘ulotlar oxirgi marta aprel oyida bo‘lib o‘tgan.

Foto: South Korea Defense Ministry/AP/picture alliance

16 iyul, yakshanba kuni AQSh, Janubiy Koreya va Yaponiya Shimoliy Koreyadan kelayotgan yadroviy va raketa tahdidlariga qarshi qo‘shma harbiy-dengiz kuchlari mudofaa mashg‘ulotlarini o‘tkazdi, deb xabar berdi Janubiy Koreya vakillari.

Janubiy Koreya harbiy-dengiz kuchlariga ko‘ra, Yapon dengizining xalqaro suvlarida bo‘lib o‘tgan manyovrlarda Amerikaning Aegis ko‘p funksiyali axborot va boshqaruv tizimi bilan jihozlangan uchta – har bir mamlakatdan bittadan esminets qatnashgan. Harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, mashg‘ulotlarda Shimoliy Koreya ballistik raketasi uchirilishiga javoban ittifoqchilar harakati ko‘rib chiqilgan, raketa parvozi esa kompyuter yordamida modellashtirilgan.

«Ushbu mashg‘ulotlar qurolli kuchlarimizning ballistik raketalarga javob berish qobiliyatini oshirdi hamda Janubiy Koreya, AQSh va Yaponiya o‘rtasida xavfsizlik sohasida hamkorlikni kuchaytirdi», — deb yozadi Janubiy Koreyaning Yonhap axborot agentligi harbiy-dengiz kuchlari vakilining so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda. «Biz Shimoliy Koreyadan kelayotgan yadroviy va raketa tahdidlariga kuchli harbiy javob tizimimiz va uch tomonlama hamkorlik orqali samarali javob beramiz», — dedi u. 

Bunday uch tomonlama mashg‘ulotlar oxirgi marta aprel oyida bo‘lib o‘tgan edi. Bundan tashqari, 13 iyul kuni Janubiy Koreya va AQSh Amerikaning B-52H strategik bombardimonchi samolyoti ishtirokida qo‘shma havo mashg‘ulotlarini o‘tkazdi, deb eslatadi Yonhap. 12 iyul kuni KXDR «Xvason-18» qit’alararo ballistik raketasini uchirdi. 

Mavzuga oid