O‘zbekiston | 13:58 / 20.07.2023
5268
2 daqiqa o‘qiladi

Yo‘l qurilishi obektlarida 400ga yaqin qoidabuzilish holati aniqlandi

Besh oy davomida “O‘zyo‘linspeksiya” O‘zbekistondagi yo‘l obektlarida 400ga yaqin qoidabuzarliklarni aniqladi. 20ta holatda mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar tuzilib, 52ta holatda sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari hajmini to‘lovdan chiqarish bo‘yicha talabnoma kiritilgan.

Foto: Kun.uz

“O‘zyo‘linspeksiya” xodimlari tomonidan umumiy foydalanishdagi hamda mintaqaviy avtomobil yo‘llarini va sun’iy inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal va joriy ta’mirlash, saqlash obektlarida sifat nazorati o‘rnatilgan tartibda tashkillashtirilib, joriy yil yanvar-may oylari davomida 1519ta obektda sifat nazorati olib borildi

Natijada yo‘l qurilishi obektlarida aniqlangan 389ta qoidabuzilish holatlarini bartaraf etish bo‘yicha buyurtmachi, pudratchi, loyihachi, saqlovchi va boshqa tashkilotlarning mas’ul xodimlariga 254ta bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma berildi.

Xabar qilinishicha, 254ta ko‘rsatmadan 202tasining ijrosi ta’minlangan. Qolgan 52ta ko‘rsatmaning ijrosi ustidan nazorat o‘rnatilgan. 

Yo‘l qurilishi obektlarida qo‘pol ravishda qoidabuzilishlarga yo‘l qo‘ygan va davlat inspektorlari tomonidan berilgan ko‘rsatmalarni belgilangan muddatda bartaraf etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar qo‘llanishi uchun 20ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sud organlariga yuborilgan hamda 14ta holat bo‘yicha 19,8 mln so‘mlik jarima qo‘llangan.

52ta holat yuzasidan 1958,99 mln so‘mlik sifatsiz bajarilgan qurilish-montaj ishlari hajmini to‘lovdan chiqarish bo‘yicha talabnoma kiritilgan hamda 619,48 mln so‘mlik 31ta talabnomaning ijrosi ta’minlangan. Qolgan talabnomalarning ijrosi ustidan nazorat o‘rnatilgan.

Shuningdek, texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlar talablarida belgilangan ijro hujjatlarini rasmiylashtirishdagi kamchiliklar uchun mas’ul xodimlarga nisbatan intizomiy javobgarlik masalasini ko‘rib chiqish uchun ularning rahbarlariga taqdimnoma kiritilgan.

Mavzuga oid