Jahon | 12:57 / 21.07.2023
9812
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya: «G‘alla bitimi» bekor qilinishi - dunyodagi eng qashshoq odamlarga zarba

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari Rossiyaning Qora dengiz tashabbusini kengaytirishdan voz kechish qarorini keskin tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarning omon qolishi Ukraina g‘allasiga bog‘liq. 

Foto: AP

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Rossiyani Ukrainadan g‘alla eksporti bo‘yicha kelishuvni uzaytirishdan bosh tortgani uchun keskin tanqid qildi. «Rossiyaning kelishuvni buzgani va hozir Odessani bombardimon qilayotgani nafaqat Ukraina uchun yangi zarba, balki dunyodagi eng qashshoq odamlarga ham zarbadir», dedi u 20 iyul, payshanba kuni Bryusselda Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar bo‘yicha kengashi yig‘ilishi oldidan. 

Berbokning so‘zlariga ko‘ra, millionlab odamlar Ukrainadan keladigan g‘allaga bog‘liq, shuning uchun Germaniya barcha xalqaro hamkorlar bilan bu don elevatorlarda chirib ketmasligi uchun ishlamoqda. U Qora dengiz g‘alla tashabbusi boshidanoq «Ukrainaga birdamlik temiryo‘l koridorlari» bilan mustahkamlanganini to‘g‘ri deb atadi va endi tegishli sa’y-harakatlar yanada kuchliroq bo‘lishini va’da qildi. «Ocharchilik va g‘alla qurol sifatida ishlatilmasligi kerak», dedi Berbok. 

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba va AQSh davlat kotibi Entoni Blinken 20 iyul kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishida ishtirok etdi. 

Urushdan oldin Rossiya va Ukraina dunyodagi eng yirik g‘alla eksportchilaridan biri edi. Shimoliy va Sharqiy Afrikadagi ko‘plab mamlakatlar Rossiya va Ukraina ta’minotiga bog‘liq. Ukrainada urush boshlanishi ortidan jahon bozorida oziq-ovqat narxi keskin oshdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozir dunyoda 735 millionga yaqin ochlikdan aziyat chekayotgan odam bor, bu to‘rt yil avvalgiga nisbatan sezilarli o‘sishdir. Bu, jumladan, Ukraina urushi bilan bog‘liq. 

Mavzuga oid