O‘zbekiston | 19:44 / 26.07.2023
11831
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentning 7 ta tumanida elektr ta’minoti cheklandi

Bir vaqtning o‘zida Yashnobod, Olmazor, Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontohur, Chilonzor va Sergeli tumanlarida elektr ta’minotiga cheklovlar joriy qilindi. Ta’minot taqsimlash punktlari soviganidan keyin to‘liq tiklanishi aytilmoqda.

Foto: Energetika vazirligi

Qariyb ikki oydan buyon deyarli har kuni Toshkentning u yoki bu joyida elektr uzilishlari ro‘y bermoqda. Rasmiylar bu uzilishlarni tarmoqni yangilash uchun olib borilayotgan ta’mirlash va modernizatsiya qilish ishlari bilan bog‘liq tushuntirmoqda.

Bugun, 26 iyul kuni uzilishlar ko‘lami sezilarli kengaydi. Markaziy dispetcherlik xizmatining aholidan murojaatlarni qabul qilish markazi poytaxtning Yashnobod, Olmazor, Mirobod, Yakkasaroy, Shayxontoxur, Chilonzor, Sergeli tumanlarida elektro energiyasi ta’minotiga talab ortib ketgani sababli cheklov kiritilganini ma’lum qildi.

Markaz xodimlari tomonidan bir necha marta Telegram-kanalga qayta-qayta joylashtirilgan maskur postlar birozdan keyin o‘chirib tashlandi.

Energetika vazirligi esa o‘z kanalida Toshkentdagi “Bibliotechnaya” podstansiyasida soat 17:25 da nosozlik yuzaga kelganini ma’lum qilish bilan cheklandi. Qayd etilishicha, buning natijasida Olmazor tumani iste’molchilari (jami 930 ta) qisman elektr ta’minotidan uzilgan. Nosozlikni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonda elektr energiyasining eng kam iste’moli bahorgi vaqtga to‘g‘ri keladi. Mana shu davrda oldinda turgan jaziramaga, anomal issiq ob-havo sharoitida elektr iste’moli keskin ortishiga tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi. Ammo, elektr tizimini ta’mirlash ishlarining mutlaq katta qismi negadir yoz oylarida qilinmoqda.

O‘zbekiston energotizimi jiddiy islohotlarga muhtoj ekani ko‘p marta gapirildi, gapirilmoqda. To‘g‘ri, so‘nggi yillarda muammolar nihoyat tan olindi, sohaga jiddiy investitsiyalar kiritilmoqda, turli usullar bilan ishlab chiqarish hajmini oshirishga harakat qilinmoqda. Shunday bo‘lsa-da, talab va taklif o‘rtasidagi nomutonosiblikning ortib borishi hisobiga energetika taqchilligining ko‘lami ham kundan kunga oshib bormoqda.

Oxirgi yillarda yangi qurilgan uylarning aksariyati to‘g‘ridan to‘g‘ri eski stansiyalarga ulab kelindi. Ko‘p qavatli uylarni foydalanish uchun qabul qilish faqatgina yangi kommunikatsion tizimlar, yangi transformatorlar, sifatli kabel va o‘tkazgichlar o‘rnatilgan taqdirdagina amalga oshiriladi, degan qat’iy talab qo‘yilmadi, yoki juda kechikib qo‘yildi. Oqibatda havo keskin isib yoki sovib ketishi natijasida podstansiyalar va transformatorlar yuklamani ko‘tara olmay qoldi, shu sabab “shaxmat tartibida o‘chirish” doimiy holatga aylandi.

Qolaversa, iqtisodiyot va aholi turmush darajasining o‘sishi ortidan yangi korxonalar soni ko‘paydi, xonadonlarda esa konditsioner va boshqa elektr tokida ishlaydigan maishiy texnikalar miqdori sezilarli oshdi. Biroq energiya tejamkor maishiy texnikalar, xususan avtonom isitish tizimlari bozori yetarli darajada rag‘batlantirilmayapti. Elektr energiyasining bahosi arzonligi sababli aholi va tadbirkorlarda tabiiy ravishda bu kabi texnikalarni xarid qilishga, umuman energiyani iqtisod qilishga motivlar katta emas.

Mavzuga oid