22:14 / 28.07.2023
15889

Xitoyda hukumatdagi bir qator iste’folardan so‘ng generallar hibsga olindi - OAV

Armiyada korrupsiya ishi bo‘yicha keng qamrovli tergov boshlangani aytilmoqda. 

Foto: AP

Xitoyda strategik raketa qo‘shinlari rahbariyati vaqtincha lavozimidan chetlatildi va korrupsiya bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Honkongning South China Morning Post nashri xabar berdi. 

Jurnalistlarga ma’lum bo‘lishicha, Xitoyning korrupsiyaga qarshi markaziy idoralari yadro kuchlarining amaldagi qo‘mondoni Li Yuchao, shuningdek, uning sobiq va amaldagi o‘rinbosarlari Chjan Chjyenchjun va Lyu Guanbinni tergov qilmoqda. 

Aytilishicha, tergov Xitoy mudofaa vaziri mart oyida almashganidan so‘ng ko‘p o‘tmay boshlangan. Bu uchlikka nisbatan tergov harakatlari haqida ommaviy bayonotlar berilmagan, biroq manbalar «tergovchilar ularni olib ketishdi» demoqda. 

Gazetaning qayd etishicha, Si Jinping boshlagan va 10 yildan ortiq davom etayotgan korrupsiyaga qarshi kampaniya asosan armiyadagi korrupsiyani yo‘q qilishga qaratilgan. Pekin bir paytlar korrupsiyaga qarshi kurashda 100 dan ortiq general jazolangani bilan faxrlanishini aytgandi. 

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, shu hafta boshida Xitoy harbiylari besh yildan ko‘proq vaqt oldin texnika sotib olish bilan bog‘liq korrupsiya ishlari bo‘yicha tergov boshlagan. 

Bundan tashqari, Raketa qo‘shinlari qo‘mondoni sobiq o‘rinbosari U Guoxua 4 iyul kuni noma’lum kasallikdan vafot etdi, deb xabar berdi Shanxayning The Paper nashri. Bu Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida qizg‘in muhokamaga sabab bo‘lganidan keyin xabar olib tashlandi. 

Avvalroq, Xitoyning yangi tayinlangan tashqi ishlar vaziri Tsin Gan Qo‘shma Shtatlar bilan aloqalarning yaxshilanishi fonida «ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan» edi. Avvaliga Xitoy rasmiylari vazir kasal bo‘lganini da’vo qilishdi. Biroq, keyinchalik u hech qanday izohsiz ishdan bo‘shatilgani ma’lum bo‘ldi.

Top