Jahon | 13:59 / 02.08.2023
8656
2 daqiqa o‘qiladi

Niger 5 ta qo‘shni davlat bilan chegaralarini qayta ochdi

Niger bilan barcha chegaralar bu mamlakatda taxminan bir hafta oldin sodir bo‘lgan harbiy to‘ntarishdan keyin yopilgan edi. Chegaralarning ochilishi to‘g‘risidagi e’lon fransuzlar va boshqa yevropaliklarni Nigerdan evakuatsiya qilish vaqtida paydo bo‘ldi.

Foto: AYODELE ADENIRAN

Nigerdagi harbiy to‘ntarishdan bir hafta o‘tib, bu Afrika davlati besh qo‘shni davlat bilan chegaralarini qayta ochdi. 1 avgust, seshanba kuni to‘ntarish uyushtirganlardan biri milliy televideniye orqali «bugundan» Jazoir, Burkina-Faso, Liviya, Mali va Chad bilan chegaralar qayta ochilganini ma’lum qildi. Harbiy to‘ntarish kuni Niger bilan barcha quruqlik va havo chegaralari yopilgandi.

Niger chegaralarining ochilishi haqidagi xabar fransuzlar, nemislar va Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlari fuqarolarini ushbu mamlakatdan evakuatsiya qilish chog‘ida yangradi. Bortida 262 yo‘lovchi bo‘lgan birinchi evakuatsiya samolyoti 2 avgust, chorshanba kuni ertalab Parijdagi Sharl-de-Goll aeroportiga qo‘ndi.

6 avgust kuni G‘arbiy Afrika iqtisodiy hamjamiyatiga (EKOVAS) a’zo davlatlar Nigerda to‘ntarish uyushtirganlarga qo‘ygan ultimatumi muddati tugaydi. Ular Nigerda konstitutsiyaviy tuzumni tiklashni talab qilib, agar bu bajarilmasa, kuch ishlatish bilan tahdid solgan.

O‘tgan hafta Nigerda harbiylar guruhi mamlakatni 2021 yildan beri boshqarib kelayotgan prezident Muhammad Bazumni ag‘darib, hibsga oldi. Bir necha kundan so‘ng, prezident qo‘riqchilari qo‘mondoni general Abdurahmon Tchiani o‘zini Nigerning yangi hukmdori deb e’lon qildi. 

Mali va Burkina-Fasodan keyin Niger 2020 yildan beri harbiy to‘ntarish sodir bo‘lgan Sahel zonasidagi uchinchi davlatga aylandi. 

Mavzuga oid