Jahon | 08:43 / 02.08.2023
7044
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik milliarderlar front uchun askar yollashda yordam beryapti - OAV

«Homiy»-kompaniyalar Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashdan biroz oldin erkaklarni ishga olyapti, keyin ularga «mukofot puli» beryapti, deb aniqladi «Vajnyye istorii» jurnalistlari.

Foto: Ukrinform

Rossiyalik milliarderlar Oleg Deripaska, Leonid Mixelson, Sergey Gordeyev, Mixail Gutseriyev va boshqalar Ukrainaga jangga borishga tayyor bo‘lgan erkaklarni o‘z kompaniyalariga yollayapti va ularga shartnoma asosidagi xizmat uchun «mukofot puli» to‘layapti. Bu haqda 1 avgust, seshanba kuni «Vajnyye istorii» (iStories) internet nashri yozgan. 

Jurnalistlar «Redut» XHKning sobiq yollanma askari, hozirda Rossiya qurolli kuchlarining bir qismi bo‘lgan «Sokol» «ko‘ngillilar» batalonida vzvod komandiri hisoblanuvchi Igor Sergiyenko bilan suhbatlashdi. Sergiyenkoning so‘zlariga ko‘ra, uning maoshi ikki manbadan olinadi: 200 000 rubl shartnoma bo‘yicha xizmat uchun RF Mudofaa vazirligi tomonidan to‘lanadi, yana 100 000 rubl - «homiy» kompaniya tomonidan. 

«Birinchidan, biz (kompaniyamizda) shartnoma tuzishdan bir kun oldin (Rossiya Mudofaa vazirligi bilan) ishga olinamiz, keyin esa mehnat shartnomasini to‘xtatib turiladi va bizda maxsus harbiy operatsiyaga borgan xodimimizga bonuslar to‘lash uchun asos yaratiladi. Sxema shunday», deb tushuntirdi ushbu kompaniyaning o‘zini Viktor Fedorovich deb tanishtirgan xodimi surishtiruv mualliflariga. 

Suhbat chog‘ida «ko‘ngillilar» uchun «homiy»-kompaniya nomi tilga olinmadi. Biroq «Vajnyye istorii» xodimlari «Sokol» batalonining Telegram-kanalida ko‘rsatilgan telefon raqamlari Oleg Deripaskaning «Rusal» kompaniyasi 100 foizlik shu’ba korxonasi «Rusal menedjment»ga tegishli ekanligini aniqladi. 

Mavzuga oid