O‘zbekiston | 22:02 / 09.08.2023
12218
3 daqiqa o‘qiladi

Xivada Xalqaro etnosport festivali o‘tkaziladi 

Prezidentga sport sohasidagi vazifalar bo‘yicha axborot berildi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevga sport sohasidagi yirik tadbirlar va rejalar haqida axborot berildi. 

Taqdimotda ommaviy sport, etnosport va gimnastikani rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. 

Xususan, «Besh tashabbus olimpiadasi»dagi sport turlari sonini 9 tadan 12 tagacha ko‘paytirish hamda ilk bor nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida ham 5 ta yo‘nalishda o‘tkazish taklif qilindi. 

Har yili Navro‘z bayrami arafasida Surxondaryoda o‘tkazilayotgan xalqaro chavandozlar musobaqasini yurtimizning boshqa hududlarida ham tashkil qilish mo‘ljallanmoqda. Yakkakurashlar bo‘yicha salohiyatni to‘g‘ri yo‘naltirish maqsadida barcha sport maktablarida qo‘l jangi to‘garaklarini ochish belgilanmoqda. 

«Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qaroriga muvofiq, 7-10 sentabr kunlari Xiva shahrida Xalqaro etnosport festivalini o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Uning doirasida xalq o‘yinlari va sport musobaqalari, hunarmandchilik ko‘rgazmalari, qovun sayli, osh pishirish chempionati, sahnalashtirilgan dasturlar bo‘lib o‘tadi. 

Davlat rahbari festivalga yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rish, ishtirokchilar va turistlarga barcha qulayliklarni yaratish, Xiva shahrida «Xalqaro etnofestival bog‘i»ni tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. 

Qayd qilinishicha, Nukus, Samarqand va Farg‘onada Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etilmoqda. Ular ixtisoslashtirilgan sport-ta’lim muassasasi hisoblanadi, bitiruvchilarga murabbiy va seleksioner mutaxassisligi bo‘yicha diplom beriladi. Hozirda markazlar uchun binolar qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlash bo‘yicha loyihalar ishlanmoqda. Mazkur sport muassasalari 2024/25 o‘quv yilidan faoliyat boshlaydi. 

Davlat rahbari bu markazlarda sportchilarni tayyorlash bo‘yicha eng ilg‘or uslublarni joriy etish, diyetologiyani rivojlantirish, o‘quvchilarning qatnoviga qulaylik yaratish zarurligini ta’kidladi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid