O‘zbekiston | 18:19 / 14.08.2023
14783
2 daqiqa o‘qiladi

OTMga kirish testlari yakunlandi - imtihonning so‘nggi kunidan reportaj

O‘zbekistonda 2023/24 o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari 13 avgust kuni yakuniga yetdi. Kun.uz muxbiri «O‘zekspomarkaz» hududida o‘tkazilgan imtihonning oxirgi kunidan reportaj tayyorladi.

2023/2024 o‘quv yili uchun OTM bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida 948 486 nafar abituriyent ishtirok etishi belgilangandi. Bilim va malakalarni baholash agentligiga ko‘ra, abituriyentlarning 50 ming nafardan ortig‘i test sinovlariga kelmagan. 

Ma’lum qilinishicha, 1–12 avgust kungi test sinovlarida 140 nafardan ziyod abituriyent tartib-qoidani buzgani uchun imtihonlardan chetlatilgan.

«O‘zeskpomarkaz» hududdagi 1-binoda har smenada 930 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etishi belgilangandi. So‘nggi kunda 1-smena test sinovlarida 269 nafar nogironligi bo‘lgan abituriyentlar ham qatnashdi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi bosh mutaxassisi Jamshid Odilovning ta’kidlashicha, abituriyentlarga nogironlik toifasidan kelib chiqqan holda barcha yordam ko‘rsatildi.

«Birinchi o‘rinda bunday abituriyentlarning test bo‘layotgan hududga kirib kelishi, joylashishi va chiqib ketishida yordam beriladi. Kerak bo‘lsa, tibbiyot xodimlari jalb etiladi. Eshitishda kamchiligi bo‘lgan abituriyentlarga surdo tarjimonlar chaqirilib, barcha qonun-qoidalar tushuntirilib, yordam ko‘rsatiladi», deydi Odilov.

Shuningdek, ko‘zi ojiz yoki tayanch harakati a’zolarida nuqsoni bo‘lgan abituriyentlarga ham yordam ko‘rsatildi. Ularga test topshiriqlarini bajarib bo‘lganidan so‘ng javoblar varaqasini to‘ldirishda rozilik asosida guruh nazoratchilari ko‘mak berdi.

13 avgust, yakshanba kuni soat 18:00 da barcha hududlarda test sinovlari to‘liq yakunlandi.

Mavzuga oid