Jahon | 09:21 / 15.08.2023
5808
3 daqiqa o‘qiladi

Latviya bosh vaziri iste’foga chiqish haqida ariza beradi

Bosh vazir Krishyanis Karinsh 17 avgust kuni Latviya prezidentiga o‘z iste’fosi haqida ariza taqdim etishini ma’lum qildi. Bu koalitsiya bo‘yicha hamkorlar u taklif qilgan o‘zgarishlardan bosh tortganidan keyin sodir bo‘ldi.

Foto: RT

Latviya bosh vaziri Krishyanis Karinsh 17 avgust kuni iste’foga chiqish haqidagi arizani prezident Edgars Rinkevichga topshirishini ma’lum qildi. Vazirlar mahkamasi rahbari tegishli xabarni 14 avgust, dushanba kuni Twitter’da qoldirdi. 

«Men «Yangi birlik» partiyasini (hukmron koalitsiyaning bir qismi) bosh vazirlikka yangi nomzod ko‘rsatishga chaqirdim», — dedi Karinsh. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, koalitsiya bo‘yicha hamkorlar – «Qo‘shma ro‘yxat» (QR) va «Milliy birlashuv» - «farovonlik va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha ishlarga to‘sqinlik qilmoqda». Rus.LSM.lv portali avvalroq xabar berganidek, bosh vazir ularga bir qator vazirlik lavozimlariga tayinlanganlar rotatsiyasini taklif qilgan, biroq QR va «Milliy birlashuv» bu taklifni rad etgan hamda 11 avgust kuni muzokaralarda ishtirok etishdan bosh tortgan. 

Iste’fo yangi hukumatning shakllanishiga zamin yaratadi

Rus.LSM.lv portalining yozishicha, Karinsh va vazirlar mahkamasi iste’foga chiqishi yangi hukumatning shakllanishiga yo‘l ochadi, uning potensial o‘zagi «Yangi birlik», Yashillar va dehqonlar ittifoqi hamda «Progressivlar» partiyasi bo‘ladi.

Vazirlar mahkamasi yangi hukumat tarkibi Seym tomonidan tasdiqlanmaguncha o‘z vazifalarini bajarishda davom etadi. 

Karinsh «Yangi birlik»ni bosh vazirlikka boshqa nomzod ko‘rsatishga chaqirdi. 

Delfi portaliga ko‘ra, vazirlar mahkamasining navbatdagi rahbari farovonlik vaziri Evika Silinya («Yangi birlik») bo‘lishi mumkin. 

2019 yildan beri bosh vazir lavozimida ishlab kelgan 

Krishyanis Karinsh 2019 yildan buyon Latviya bosh vaziri lavozimida ishlab kelayotgandi. 2002 yilda u konservativ «Yangi vaqt» partiyasining asoschilaridan biriga aylandi (2018 yildan - o‘ng markazchi «Yangi birlik» partiyasi). 2009-2019 yillarda Karinsh Yevropa parlamenti a’zosi bo‘lgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid