O‘zbekiston | 16:38 / 16.08.2023
2801
4 daqiqa o‘qiladi

Suvni tejash orqali hosildorlikni oshirayotgan fermerlar bilan suhbat

O‘zbekiston eng ko‘p suv ishlatadigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Ma’lumotlarga qaraganda, yaqin 20 yilda mamlakatda suv 5 barobargacha kamayishi kutilmoqda.

Ayni paytda respublikamizda olinayotgan suvning qariyb 90% qismi qishloq xo‘jaligida foydalaniladi. Demak kelajakni to‘g‘ri taxminlagan fermer va dehqon xo‘jaliklari yerni tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish usuli bilan sug‘orish choralarini ko‘rishga kirishdi.

“Joriy yilning may oyida dalamizga “Omad start” kompaniyasining innovatsion texnologiyalarini o‘rnatdik. Avvallari yetishtirayotgan paxtamizning bir tekisda o‘sib rivojlanishi qiyin bo‘lardi. Tomchilab sug‘orish texnikasini qo‘llay  boshlaganimizdan keyin paxtaning o‘sishi sezilarli darajada o‘zgardi. Bu esa hosildorlikka ham ta’sir qilyapti. Chunki avval o‘sib ketib hosil bermagan g‘o‘zalar hozir bir tekisda o‘syapti, uzumday terilib turgan ko‘saklarni ko‘rasiz”, - deydi fermerlardan biri Oybek Olloberganov.

Fermerning aytishicha, tomchilatib sug‘orishning afzalligi hamma joyning bir xilda suv bilan ta’minlashida. Oddiy sug‘orishda dalaning notekisligiga qarab ayrim joylarda suv to‘planib qolishi, ayrim joylarga esa suv yetib bormasligi yuz bergan. Yangi texnologiya bu kamchilikni bartaraf etadi va barcha o‘simliklar tekis rivojlanadi. Bundan tashqari o‘simliklarni begona o‘tlardan asraydi.

Ayni vaqtda an’anaviy usulda sug‘oriladigan daladagi g‘o‘zalarda 6-7 ta ko‘sak bo‘lsa, tomchilatib sug‘oriladigan dalalarda 15-20 tagacha, ayrim joylarda 30 talab ko‘sak ko‘rish mumkin.

“Omad start” kompaniyasi fermerlarga mana shunday sharoitda o‘simlikni nobud qilmay, yaxshi hosil olish bo‘yicha innovatsion yechim olib kirdi. Tomchilatib sug‘orish va yomg‘irlatib sug‘orish usuli orqali dehqonlar ilk natijalarni olishni boshlashdi.

“2020 yilda shu kompaniya bilan hamkorlikni boshlaganmiz. 10,5 ga yerga tomchilatib sug‘orish texnikasini o‘rnatdik va yaxshi natija oldik. Bu texnologiyani ishlatib boshlaganimizga 3 yil bo‘lyapti, birinchi yili 40-50 sentnerdan, ikkinchi yil esa 60-65 sentnerga chiqdi. Bu yil 80 sentnerdan hosil olishni mo‘ljallab turibmiz.

Dalamizda 15 nafar ishchi ishlatardik, hozir faqat texnologiyalardan foydalanish evaziga inson omilidan voz kechganmiz. Kerakli oziqlantiruvchi mineral o‘g‘itlarni suv bilan birga solish uchun bitta mutaxassis ishlaydi. Butun dalani sug‘orishda, o‘g‘itlashda ko‘p kuch sarflashga hojat qolmaydi. 3 yil avval o‘rnatgan texnikalarimiz haliyam sifatli ishlab kelmoqda”, - deydi urganchlik fermer Maqsud Ismoilov.

Paxta hosildorligini 40 sentnerga yetkazishga qiynaladigan fermerlar yangi texnologiya natijasida 80 sentnerdan hosilni rejalashtirishgan. Kompaniya viloyatdagi 400 ga yerni tomchilatib sug‘orish texnologiyalari bilan ta’minlab, texnik-servis xizmatlarni ko‘rsatib kelmoqda.

Kompaniya ish boshqaruvchisi Abdurazzoq Jo‘rayev respublikaning qator viloyatlarida suvni tejash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida gapirib berdi.

2023 yilda “Omad start” MChJ STT ishlab chikarishga mo‘ljallangan umumiy qiymati 43 000 000 AQSh dollariga teng bo‘lgan zavodini qurdi. Erondan xomashyo olib kelish va tomchilatib sug‘orish va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatib berish bilan shug‘ullanamiz.

Kompaniya tomonidan o‘rnatilgan texnologiyalarga 3 yil kafolat va 3 yil davomida servis xizmatlarini ko‘rsatiladi.

Reklama

Mavzuga oid