Qo‘qon pedagogika instituti dekani 4 ming dollar olayotganda ushlandi
DXX o‘qishga kiritib qo‘yish bilan bog‘liq firibgarliklar haqida ma’lumot berdi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda o‘qishga kiritish bilan bog‘liq bir qancha firibgarlik holatlari aniqlandi.
Jumladan, Qo‘qon shahridagi banklardan birining mutaxassisi o‘zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida, Qo‘qon davlat pedagogika institutiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan. Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u pulni mazkur oliy ta’lim muassasasida dekan lavozimida ishlovchi shaxsga berishi kerakligi aniqlangan. So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilgan va dekan ham pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Farg‘ona shahridagi xususiy universitet direktorining o‘rinbosari, fuqaroning Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh davlat pedagogika universitetidagi o‘qishini Chirchiq davlat pedagogika institutiga ko‘chirib berish evaziga 2,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan. U oldin ham firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangani aytilmoqda.
Shu bilan birga, Xorazm viloyati, Urganch tumanida yashovchi, 1998 yil tug‘ilgan shaxs o‘zganing ishonchiga kirib, mansabdor tanishlari yordamida Urganch davlat universitetining boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 3,5 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlangan.
Mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.