O‘zbekiston | 19:31 / 23.08.2023
17012
3 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘da Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab ochildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarboyjonga tashrifining ikkinchi kunida ikki davlat rahbarlari rafiqalari bilan birga Fuzuliy va Shusha shaharlariga tashrif buyurdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘tgan qariyb 30 yilda Fuzuliy butkul vayron bo‘lib, “arvoh shahar”ga aylangan edi. Harbiy harakatlarga qadar bu yerda 18 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qilgan.

2020 yilda qayta tiklash ishlari boshlangach, shaharga asta-sekin hayot qaytmoqda. Uy-joylar qurilib, ijtimoiy va transport infratuzilmasi bunyod etilmoqda.

Ushbu muhim va og‘ir pallada O‘zbekiston Ozarboyjon bilan birga. Zero, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning ildizlari uzoq o‘tmishga ega. Bizlarni bir din, til va an’analar, ma’naviy qadriyatlar va madaniyat mushtarakligi birlashtirib turadi.

Mustahkam do‘stlik va birodarlik ifodasi sifatida mamlakatimiz yetakchisi 2021 yil 31 mart kuni o‘tgan Turkiy kengashning norasmiy sammitida O‘zbekiston Qorabog‘ zaminidagi yodgorliklar, madaniyat va ma’rifat maskanlarini qayta tiklashga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanini ta’kidlagan edi.

Fuzuliy shahrida 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan zamonaviy maktab qurilishi Prezidentimiz tashabbusining amaliy ifodasi bo‘ldi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi 1-sonli maktabda 40 ta sinfxona, 6 ta laboratoriya, 2 ta informatika xonasi, 5 ta funksional o‘quv xonasi, majlislar va sport zallari, oshxona, kutubxona mavjud. Futbol maydoni, dam olish va tadbirlar o‘tkazish uchun joylar, yugurish yo‘laklari tashkil qilingan.

Yangi maktab xalqlarimizni yanada yaqinlashtirish, o‘sib kelayotgan ozarbayjonlik o‘g‘il-qizlarni O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatiga, buyuk ajdodlarimizning merosiga oshno qilishga xizmat qiladi.

Ikki mamlakat yetakchilari rafiqalari bilan birga bayramona tasmani kesib, maktabni tantanali ravishda ochdilar. 

Prezidentlar o‘quv binolari va maktab hududi bilan tanishib, o‘quvchilar bilan samimiy suhbatlashdilar, ularga o‘qishda muvaffaqiyat tiladilar.

So‘ng davlat rahbarlari Fuzuliy shahrida barpo etilayotgan uy-joy majmuasiga tashrif buyurdilar.

Prezidentlar majmuadagi xonadon egalari bilan uchrashdilar. Davlatimiz rahbari ularni yangi uyli bo‘lgani bilan tabrikladi.

Samimiy suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Ozarboyjon xalqlarining mustahkam do‘stligi va qardoshlik aloqalari haqida so‘z bordi.

Mamlakatimiz yetakchisi Fuzuliyda hayot barqaror holatga qaytayotganidan mamnunligini bildirdi, Prezident Ilhom Aliyev rahbarligida Qorabog‘ni qayta tiklash va rivojlantirish, aholining farovon turmushi uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini yuksak baholadi. Ozarboyjon xalqiga tinchlik, osoyishtalik va ravnaq tilaklari bildirildi.

Davlat rahbarlari yangi xonadonlarni kirib ko‘rdilar. So‘ng yetakchilar balandlikdan turib vayronagarchilik oqibatlarini va qurilish ishlarini borishini kuzatdilar. Prezidentimizga Fuzuliyni qayta tiklash rejalari to‘g‘risida so‘zlab berildi.

Mavzuga oid