Jamiyat | 16:21 / 25.08.2023
50752
8 daqiqa o‘qiladi

Oramizdagi odamlar: “perashkachi”ning vunderkind qizi

O‘tkir aka Yo‘ldoshev tong saharlab turmush o‘rtog‘i pishirgan “perashka”larni velosipedida sotib kelib oila kamchiliklarini butlaydi. “Perashkachi”ning 4 qizi bor. Dilshoda oilaning uchinchi farzandi. U bu yil Beshariq tumanidagi 1-maktabning 11-sinfiga o‘tdi. Dilshoda muddatidan avval Angliya, Finlandiya, Yaponiya xalqaro universitetlari talabasiga aylandi. Mehribon ota ro‘zg‘ordan orttirib qizining tayyorlov kurslariga qatnashi uchun pul topib bera olmadi. Oila sharoitini to‘g‘ri tushungan o‘qituvchilar esa bilimga chanqoq qizga bepul ta’lim berdi.

Dilshoda O‘ktamova bir karra xalqaro, bir necha karra ichki olimpiadalar g‘olibi. Yaxshi niyat va mehnatlar o‘z mevasini berib, u muddatidan avval 6 universitet talabasiga aylandi.

Otam “perashka” sotib o‘qishim uchun sharoit qilib berdi...

“1-sinfdayoq chet tili o‘qishni boshladim. Qo‘shnimiz ingliz tili o‘qituvchisi edi. 3-sinfdan boshlab qo‘shnimizning uyiga qatnab grammatika o‘qib yurdim. 5-sinfga o‘tganimda maktabdagi ustozim olimpiadaga tayyorlashni boshladi. Qisqa qilib aytganda, qo‘shnimiz sabab chet tiliga qiziqish boshlangan.

Oilada to‘rt opa-singilmiz. Men 3-farzandman. Onam tong saharda turib perashka pishiradi. Otam uni ko‘chada sotib keladi.

Bolaligimdan ota-onam o‘zlari yemay-ichmay, yaxshi kiyinmay bir so‘m orttirsa ham kitob olib berishardi. Ular o‘qishimga alohida e’tibor qaratishdi. Ayniqsa, kitob sotib olmoqchi bo‘lsam qayerdan bo‘lsa ham pul topib berishgan. Ota-onam “perashka”dan tushgan summadan orttirib kitobim uchun doim pul ajratishgan.

Otam faqat olg‘a intilishim, o‘qish uchun barcha qiyinchiliklarni yengishim kerakligini doim uqtirib keladi. Onam ham meni doim qo‘llab-quvvatlab kelgan. Kerak bo‘lsa uy yumushlaridan ham ozod qilib qo‘ygan.

5-sinfdan 9-sinfgacha tuman olimpiadalarida 1-o‘rinni olib kelganman. Dastlabki yutuqlarim shundan boshlandi. Pandemiya vaqtida onlayn olimpiadalar bo‘ldi. Rossiya va O‘zbekiston hamkorligida o‘tkazilgan olimpiadada ham 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Keyinchalik 10-sinfga o‘tib qo‘limga telefon tushganidan keyin universitetlar haqida ma’lumot olib imtihonlarda qatnashib ko‘rdim. Yetarli ball to‘plab universitetlarga o‘qishga qabul qilindim. Shu yilning yanvar oyida Xalqaro Yaponiya universiteti talabasi bo‘lishga muvaffaq bo‘ldim. Undan keyin Finlandiya bilan hamkorlikdagi Nordis universiteti talabasiga aylandim. Oradan bir oy o‘tib Namangan xalqaro universitetiga qabul qilindim. Undan keyin esa SamMed universiteti talabasiga aylandim. Kuni kecha esa Londondagi G‘arbiy Shotlandiya universitetining (UWS London) talabalari safidan joy oldim.

Otam bizlarga oliy ma’lumotli bo‘la olmagani uchun hayotda ko‘p qiyinchiliklarga duch kelgani haqida gapirib berardi. Onam ham farzandlari bilim olishi uchun tinim bilmay “perashka” pishirdi.

Oilaviy sharoit tufayli repetitorga borishga imkoniyat bo‘lmagan.

Dilshoda O‘ktamova yashayotgan xonadon

Sinf rahbarim Zulayho Toshtemirova holatni to‘g‘ri tushunib 6 yil davomida ingliz tilini bepul o‘qitdi. Barcha yutuqlarimning sababchisi shu ustoz bo‘ladi. Zulayho opa hozir uyida ingliz tilidan dars o‘tadi. Ustoz menga ham 22 nafar o‘quvchini biriktirgan.

Bu yil 1-maktabning 11-sinfiga o‘tdim. Kelajakda tarjimon bo‘lmoqchiman. Turizm sohasini rivojlantirishga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman”, – deydi Dilshoda.

O‘qituvchilar sharoitimizni tushunib qizimni bepul o‘qitishdi...

“Juda ko‘p tashkilotlarda ishladim. 4-sinfdan sandiq-javon yasab sotdim. Keyin bog‘bonchilik, hokimiyat oshxonasida “bufetchi”lik qildim. 

O‘tkir Yo‘ldoshev. Dilshoda O‘ktamovaning otasi.

“Sokrasheniya”larga tushib bozorga “gruzchik”likka ishga kirdim. Yog‘och yuklardik, tushirardik. Turli yumushlarda kunbay ishladim. Taxta bozorida ko‘p tanishlar orttirdim. O‘sha paytda turmush o‘rtog‘im bozorda “perashka” sotardi. “Perashka”larni taxta bozoriga olib borib sotishni yo‘lga qo‘ydim. Shu-shu ayolim “perashka” pishiradi, men atrofda aylanib yurib sotib kelaman. “Perashka” sotib yurib to‘ylar qildik, qizlarni o‘qityapmiz.

4 qizim bor. To‘ng‘ichini turmushga uzatdim. 2-qizim Qo‘qondagi pedagogiga institutida shartnoma asosida o‘qiydi. Qizim Dilshoda 3-farzandim. U yoshligidan intiluvchan edi. Qizimni qo‘shnim va sinf rahbari ingliz tilidan yaxshi tayyorlashdi. Qizlarimga o‘qisang noning butun bo‘ladi, kelajakda oilang, farzandlaringga yaxshi bo‘ladi deb uqtirardim.

“Perashka” sotib kelib bir qism pulni ro‘zg‘or xarajati uchun alohida ajrataman. Kamchiliklardan orttirib 10-20 ming qilib to‘plab boraman. To‘planib qolgan pulga qizlarimga kitob olib beraman. Ertalab ko‘chani aylanib 100 ming so‘m ishlab kelaman. Musiqa maktabida qorovullik ham qilaman. 

Turmush o‘rtog‘im bilan birga farzandlarimiz kelajagi uchun kurashyapmiz. Oddiy “perashkachi” bo‘lsam ham qizim yaxshi natijalarni qo‘lga kiritdi. Xursandchiligim ichimga sig‘may ketyapti.

Qizim Dilshodaxon Yaponiya Xalqaro universitetining 1-kursini onlayn tamomladi. 11-sinfni bitirib olsa, yana orzulari amalga oshadi. U hali maktabni tamomlamay 6 universitet talabasiga aylandi. Men bugun dunyodagi eng baxtiyor otaman”, – deydi Dilshoda O‘ktamovaning otasi O‘tkir Yo‘ldoshev.

Perashka” sotib to‘y qildik, qizimizni kontraktda o‘qityapmiz...

Tong sahar 4:30 larda uyg‘onib perashkalarni pishirib, qizlarimga choy tayyorlab issiq perashkalar bilan maktabga jo‘nataman.

Dildoraxon Yo‘ldosheva. Dilshodaning onasi

3-qizim Dilshodaxon 5 yoshida yozish-chizishlarni mustaqil o‘rgandi. Qo‘shnimiz ingliz tilidan dars beradi. Shu sababli ham qizimda 3-sinfligidayoq tilga ishtiyoq shakllandi. Bugungi kunda qizim har qanday yutuqni qo‘lga kiritsa otasi kirib qo‘shnimizga rahmat aytib chiqadi.

Avval kiyim bozorida “perashka” sotar edim. Endilikda bu yumushni turmush o‘rtog‘im bajaryapti.

Dilshoda O‘ktamova yaqinlari bilan

To‘y qildik, orqasidan 2-qizimizni institutda shartnoma asosida o‘qityapmiz. “Perashka” sotib hammasini amallayapmiz. Har kuni 100 ta “perashka” pishiraman. Qo‘ni-qo‘shnilar ham ertalabki nonushtalariga olib chiqib ketishadi. Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda ingliz tiliga qiziqib olimpiadalarga borardim. Oilaviy sharoit tufayli o‘qishga kira olmadim.

O‘sha qiziqish qizimga o‘tdi. Dilshodaxon ishonchimizni oqladi. Har kuni erta tongda dasturxon boshida qizlarimga rizq so‘rayman”, – deydi Dilshodaning onasi Dildoraxon Yo‘ldosheva.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz

Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid