O‘zbekiston | 11:40 / 28.08.2023
38331
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda hafta davomida qanday ob-havo bo‘lishi ma’lum qilindi 

Foto: Kun.uz

O‘zbekiston hududi bo‘yicha kecha ob-havoning keskin o‘zgarishi kuzatildi. Respublika bo‘yicha barcha joylarda yomg‘ir yog‘di, ba’zi joylarda momaqaldiroq va shamolning kuchayishi qayd etildi. Kunduzgi harorat +5...+10 darajaga pasaydi.

Bugun ertalab respublika hududi bo‘yicha (eng chekka sharqiy hududlardan tashqari) yomg‘ir yog‘ishi to‘xtadi, osmon bulutlardan tozalana boshladi va quyosh nurlari havoni tezda isitdi. Bugun kunduzi harorat +23...+28 daraja atrofida bo‘ladi. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida bulutli ob-havo saqlanib turadi, ayrim hududlarda yomg‘ir yog‘adi.

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, ertaga O‘zbekiston hududining katta qismida quruq, kam bulutli va iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, havo harorati +29...+32 darajagacha ko‘tariladi. Faqat O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga nam havo yangi qismi tarqala boshlaydi, Qoraqalpog‘iston Respublikasining ba’zi joylarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

30 avgustda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda, 31 avgustda kechasi va ertalab Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda momaqaldiroq bo‘ladi.

31 avgustda kunduzi va 1 sentabrda O‘zbekistonning barcha hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Havo harorati +25...+30 daraja atrofida bo‘ladi.

29 avgustda shimolda, 30-31 avgust kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zon kuzatilishi mumkin.

Poytaxtda 28 avgust va 29 avgust kunlari havo asosan biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi.

30 avgustda, shuningdek 31 avgustda ertalab va kechasi qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 5-10 m/s tezlikda esadi, 12-17 m/s gacha kuchayishi mumkin.

31 avgustda kunduzi va 1 sentabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Harorat 28 avgustda +24...+26 daraja, 29-31 avgust va 1 sentabrda +25...+30 daraja bo‘ladi.

Mavzuga oid