O‘zbekiston | 12:42 / 28.08.2023
4671
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda pulli yo‘llar bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqiladi

Avtomobil yo‘llari sohasida DXSh asosidagi loyihalarni jadallashtirish rejalashtirilmoqda.

Transport vazirligida Jahon banki hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki loyiha koordinatorlari bilan uchrashuv o‘tkazildi

Vazirlik xabariga ko‘ra, uchrashuvda Toshkent – Samarqand va Toshkent – Andijon avtomobil yo‘llarini DXSh asosida qurish loyihalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, boshqa dolzarb masalalar hamda pulli yo‘llar bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqish masalasi muhokama etilgan.

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, savdo va sanoat vazirligi, shuningdek, Proyapı Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş. kompaniyasi, Over Arupand Partners International Limited, Price Water House Coopers Advisory va CMS Cameron Mc Kenna Nabarro Olswang LLP kompaniyalari konsorsiumi vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi.

Ma’lumot uchun, muhokama uchun e’lon qilingan O‘zbekiston–2030 strategiyasi loyihasiga ko‘ra, pulli avtomobil yo‘llarini qurish va ulardan foydalanishning huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqiladi. 

Dastlabki pulli yo‘llar Toshkent–Samarqand va Toshkent–Andijon yo‘nalishida bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bu loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni 2023 yil noyabrda yakunlash reja qilingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid