O‘zbekiston | 09:43 / 01.09.2023
7827
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev oktyabr oyida Xitoyga tashrif buyuradi

Shavkat Mirziyoyev joriy yilning oktyabr oyida Xitoyga tashrif buyuradi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinpingning O‘zbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ma’lum bo‘ldi.

"Bir makon, bir yo‘l" uchinchi xalqaro hamkorlik forumida ishtirok etish uchun joriy yil oktabr oyida yana Xitoyga kelishingizni intiqlik bilan kutib qolaman”, deyiladi XXR rahbarining tabrik matnida.

Si Jinping Xitoy-O‘zbekiston munosabatlariga katta ahamiyat berishini qo‘shimcha qildi.

“Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlariga alohida ahamiyat qarataman. Siz bilan o‘rnatilgan hamkorlik munosabatlarimiz va shaxsiy do‘stligimizni yuksak qadrlayman. Davlatlarimizning har tomonlama strategik sherikligining barqaror va izchil rivojlantirish hamda xitoy-o‘zbek hamjamiyatining qurilishiga yangi turtki berish uchun Siz bilan hamkorlik qilishga tayyorman”, deya ta’kidlab o‘tdi u.

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi 2013 yilda Xitoy hukumati tomonidan 150 ga yaqin davlat va xalqaro tashkilotlarga sarmoya kiritish uchun qabul qilingan global infratuzilmani rivojlantirish strategiyasidir. U Xitoy yetakchisi Si Jinping tashqi siyosatining markaziy qismi hisoblanadi. 

Tashabbus 2018 yilda Xitoy Konstitutsiyasiga kiritilgan. O‘shanda Si Jinping ma’muriyati tashabbusni “mintaqaviy aloqalarni kuchaytirish va porloq kelajakka intilish” deb atadi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid