O‘zbekiston | 11:07 / 04.09.2023
10120
2 daqiqa o‘qiladi

Hafta davomida quruq va kam bulutli ob-havo kuzatiladi

Bayram kunlarida kuzatilgan iliq va quyoshli ob-havodan so‘ng, kecha kechqurun respublika hududiga G‘arbiy Qozog‘iston hududlaridan nisbatan salqin va biroz nam havo massasi kirib keldi.

Foto: Kun.uz / Nuriddin Nursaidov

Bugun ertalab Toshkent viloyatida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ib o‘tdi.

“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, kun davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo biroz bulutli bo‘ladi, sharqiy hududlarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg‘ona vodiysi ayrim joylarida kunning birinchi yarmida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati kechagi kunga nisbatan +3...+5 darajaga past bo‘lib, +24...+27 darajani tashkil etadi.

5 sentabrdan va deyarli ish haftasining oxirigacha O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo quruq va kam bulutli bo‘ladi, faqat Farg‘ona viloyatining tog‘li hududlarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

8 sentabr, juma kuni bulutlilik kuchayishi kutilmoqda, respublikaning ayrim tog‘oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi.

Haftaning birinchi yarmida ayniqsa kechasi va ertalab nisbatan salqin bo‘ladi. Harorat asosan kechalari +10...+13 daraja, kunduz kunlari +26...+29 daraja bo‘ladi. Haftaning ikkinchi yarmida harorat kechalari +15...+18 darajagacha, kunduz kunlari +29...+32 darajagacha ko‘tariladi.

Poytaxtda 5-8 sentabr kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi, 7-8 sentabrda 12-14 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 5 sentabrda kechasi +11...+13 daraja, kunduzi +25...+27 daraja bo‘ladi, 6-8 sentabrda kechalari +15...+18 darajagacha, kunduz kunlari +29...+32 darajagacha ko‘tariladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid