YuNeSKO bosh qarorgohida Beruniyga bag‘ishlangan ko‘rgazma ochildi
Ko‘rgazma zamonaviy O‘zbekiston hududida 973-1052 yillarda yashab o‘tgan buyuk astronom, olim, matematik, tarixchi, geograf hayoti va ijodiga bag‘ishlangan.
4 sentabr kuni Parijdagi YuNeSKO bosh qarorgohida «Abu Rayhon Beruniy. Geografik va intellektual sayohat» nomli ko‘rgazma ochildi. Atoqli olim, mutafakkir tavalludining 1050 yilligiga bag‘ishlangan loyiha tashkilotchisi – O‘zbekiston madaniyati va san’atini rivojlantirish jamg‘armasi.
Ko‘rgazma zamonaviy O‘zbekiston hududida 973-1052 yillarda yashab o‘tgan buyuk astronom, olim, matematik, tarixchi, geograf hayoti va ijodiga bag‘ishlangan.
Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri tomonidan Dmitriy Yanov-Yanovskiyning «Zij – Music of Constellations» asari premerasi taqdim etildi. Ushbu musiqiy asar Sharqning to‘rt buyuk shaxsi – Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘bekka atalgan.
Umumiy maydoni 400 kv.m.dan ziyod ko‘rgazmada Beruniy qo‘lyozmalari sahifalarini yuqori sifatda ko‘rish imkonini beradigan interaktiv multimedia proyeksiyasi bilan birga olim hayotiga oid qisqa videorolik ham namoyish etiladi.
Ekspozitsiyada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti mutaxassislari tomonidan Abu Rayhon Beruniy qo‘lyozmalarining Fransiya Milliy kutubxonasi kolleksiyasidan tayyorlangan nusxalari o‘rin olgan.