16:45 / 08.09.2023
12877

Ruminiya hududida Rossiya droni parchalari topildi

Rasmiy Buxarest bu ma’lumotni tan oldi. Mahalliy rasmiylar avvalroq nega buni rad etgandi?

Foto: HTTPS://WWW.FACEBOOK.COM/OLEG.NIKOLENKO.50

Ruminiya mudofaa vaziri Anjyel Tilver mamlakatning Tulcha uyezdi Plauru tumanidan Rossiyaga tegishli ekani taxmin qilinayotgan dron parchalari topilganini tasdiqladi. Bu hudud Ruminiyaning Ukraina bilan chegarasida, Odessa oblasti Izmayil shahri yaqinida joylashgan. Bu bayonotdan ikki kun avval Ruminiya mudofaa vazirligi bu ma’lumotni rad etgandi.

«Biz juda katta hududni tekshirdik, ko‘pchilik muhokama qilayotgan yerlarni ham. Men dron parchalari bo‘lishi taxmin qilinayotgan bo‘laklarni topganimizni tasdiqlayman», degan Ruminiya mudofaa vaziri mahalliy telekanal efiridagi chiqishida. Vazir topilgan bo‘laklar nimaga tegishli ekanini aniqlash maqsadida tekshirilishini aytdi.

Ruminiya prezidenti Klaus Yoxannis agar topilgan bo‘laklar Rossiya droniga tegishli ekani isbotlansa, bu Ruminiya suvereniteti va hududiy yaxlitligini jiddiy tarzda buzish sifatida qabul qilinishini aytdi. Qizig‘i, ikki kun avval ruminiyalik siyosatchilar boshqacha bayonotlar berishgandi.

Rossiya droni bo‘laklari Ruminiya hududiga tushgani haqida 4 sentabrdayoq ma’lum bo‘lgandi. Bu borada videolar tarqalgach, Ukraina tashqi ishlar vazirligi spikeri Oleg Nikolenko mamlakat chegara xizmatiga tayanib rasman xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ruminiya hududiga nafaqat ruslarning droni parchalari qulagan, balki uning jangovar qismi portlagan ham.

Bu xabardan ko‘p o‘tmay Ruminiya mudofaa vazirligi Rossiya droni mamlakat hududida portlaganini rad etib chiqdi. Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitro Kuleba esa Kiyevda ruslar droni Ruminiya hududida portlaganini isbotlovchi dalillar borligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ruslarning Dunay daryosidagi portlar infratuzilmasi bo‘ylab amalga oshirilgan havo hujumi vaqtida dronlardan biri aynan Ruminiya hududida portlagan.

Ukraina TIV bayonotidan keyin ham Ruminiya prezidenti keyingi kun ruslar droni mamlakat hududida qulaganini yana bir bor rad etib chiqdi. Prezident Klaus Yoxannis, xususan «Hech bir dron, hech qanday predmet va hech qanday qurilma bo‘lagi Ruminiya hududiga qulagani yo‘q. Biz o‘z milliy kengliklarimizni to‘liq nazorat qilyapmiz», dedi.

BBC harbiy tahlilchisi Ilya Abishev Ruminiya tomoni mamlakat hududiga dron qulaganini nega ikki kun o‘tib tan olganini tahlil qildi

Voqea sodir bo‘lganidan ko‘p o‘tmay Kiyevdagilar nafaqat dron parchalari Ruminiya hududiga qulagani, balki uning jangovar qismi qo‘shni davlat hududida portlaganini xabar qilib chiqishdi.

«Ukraina chegara xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning Izmayil portiga uyushtirgan dron hujumi vaqtida Shahed uchuvchisiz qurilmalaridan biri Ruminiya hududiga qulab, portlagan», deb yozdi 4 sentabr kuni Ukraina TIV rasmiy vakili Oleg Nikolenko.

Ukraina pabliklarida portlash aks etgan videolar tarqaldi. Ammo videolardan portlash aynan qayerda bo‘lganini aniqlash imkonsiz. Chunki kadrlar tunda olingan, ularda katta daryo portlash sabab yaltirab ketganini ko‘rish mumkin, xolos.

Bu Rossiyaning Izmayil bo‘ylab uyushtirgan birinchi hujumi emas. Bu Dunay sohilida joylashgan muhim port shahar. Ukrainaning Ruminiya bilan chegarasi aynan shu daryo orqali o‘tadi. Ya’ni Rossiya har safar bu shaharga hujum qilganda nishonlar NATOga a’zo davlat chegarasida portlatiladi.

Agar videolar chindan Izmayil tomondan turib olingan bo‘lsa, portlash narigi sohilda, ya’ni Ruminiya hududida ro‘y bergani oydinlashadi. Bu portlash ruslar dronining jangovar qismi detonatsiyaga uchrashidan kelib chiqqanmi? Eronning Shahed kamikadze-dronlari ruscha «Geran» nomi bilan chiqmoqda va ular urib tushirilgan taqdirda ham yerga tushgach portlaydi.

Ruminiya tomoni ikki kun davomida ruslar droni o‘z hududida portlaganini rad etdi, lekin keyin oxir-oqibat bu faktni tan oldi. Ruminiya mudofaa vaziri bayonotida faqat mamlakat hududiga qulagan bo‘laklar haqida gapirilgan, portlash haqida emas.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, harbiy dron NATOga a’zo davlat hududiga qulaganining o‘zi jiddiy voqea hisoblanadi. Bu G‘arb harbiy bloki chora ko‘rishi kerak bo‘lgan darajadagi jiddiy hodisa. Agar Ruminiya o‘z hududiga faqat dron parchalari qulagani haqida emas, butun boshli uchuvchisiz qurilma portlatilgani haqida xabar berganida, balki NATOning javobi keskinroq bo‘lardi.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Top