Jahon | 20:39 / 09.09.2023
22437
2 daqiqa o‘qiladi

Modi G20 sammitida «India» o‘rniga «Bharat» yozuvi bilan nutq so‘zladi 

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi G20 sammitida «Bharat» yozuvi bilan chiqish qildi. Bu mamlakatning hind tilidagi rasmiy nomi. Ilgari bunday taxtachalarda har doim «India» yozuvi bo‘lgan. 

Foto: EPA-EFE

Hindiston bosh vaziri Narendra Modi G20 sammitida «Bharat» deb yozilgan taxtacha bilan nutq so‘zladi va bu mamlakat nomini o‘zgartirish haqida munozaralarning kuchayishiga sabab bo‘ldi. Ilgari bunday taxtachalarga har doim «India» deb yozilgan. 

Bharat — mamlakatning hind tilidagi rasmiy nomi. India (Hindiston) – mamlakatning ingliz tilidagi nomi (bu ikkinchi davlat tili hisoblanadi). Ikkala nom ham Hindiston Konstitutsiyasida mustahkamlangan. 

Modining «Bharatiya Janata» partiyasi ba’zi a’zolari mamlakatni ingliz tilida ham tarixiy nomga qaytarishni talab qilmoqda. Tashabbus tarafdorlari «India» nomi mamlakatga ingliz mustamlakachilari tomonidan berilgan, deb hisoblashadi. Garchi tarixchilar bu nom mustamlakachilik hukmronligidan bir necha asr oldin paydo bo‘lgan deb da’vo qilishsa ham. 

Avvalroq, Nyu-Dehlidagi G20 sammiti delegatlari «Bharat prezidenti» Draupadi Murmu nomidan kechki ovqatga taklifnoma olgan edi. Shundan so‘ng, mamlakat nomini o‘zgartirish masalasida munozaralar boshlanib ketdi. 

Mahalliy matbuot xabariga ko‘ra, Hindiston hukumati parlamentning 18 sentabrga rejalashtirilgan besh kunlik maxsus sessiyasida mamlakatning inglizcha nomini «Bharat» qilib o‘zgartirish haqidagi taklifni kiritishi mumkin. Hukumat bunday xabarlarga izoh bermadi. Hozircha sessiya kun tartibi ham e’lon qilinmadi. 

Hindiston muxolifati mamlakatning inglizcha nomini o‘zgartirishga qarshi. Muxolifatdagi yirik «Hindiston milliy kongressi» partiyasi yetakchisi Rahul Gandi bu bahsni «chalg‘itish taktikasi» va hukumatning bo‘lajak saylovlar oldidan «qo‘rquvi» belgisi deb atadi. 

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid