Jahon | 22:53 / 11.09.2023
19010
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy urushning uzoq vaqtga cho‘zilib ketishi ehtimoli haqida gapirdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, urush raqibni holdan toydirishga qaratilgan uzoq muddatli harbiy harakatlarga aylansa, Ukraina frontda ham, emigratsiya nuqtayi nazaridan ham yanada ko‘proq odam yo‘qotadi. Shunga qaramay, ukrainlar prezidenti Rossiya kuchlari Ukraina hududini tark etmay turib, ular bilan murosaga borish variantini qabul qilmasligini yana bir bor takrorladi.

Foto: Reuters

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya bilan urush cho‘zilib ketishi haqida o‘ylashni istamaydi. Shu bilan birga, u voqealarning bunday rivojiga tayyor. Bu haqda Zelenskiy The Economist'ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Mening jamoam uzoq davom etadigan urushga tayyor bo‘lishi kerak, va men emotsional jihatdan tayyorman”, – dedi u.

Zelenskiyga ko‘ra, urush raqibni holdan toydirishga qaratilgan uzoq muddatli urushga aylansa, Ukraina ham frontda, ham emigratsiya jihatdan yanada ko‘proq odam yo‘qotadi. Uning aytishicha, urush cho‘zilib ketgan taqdirda “mamlakat iqtisodiyotini to‘liq harbiylashtirish”ga to‘g‘ri keladi.

Ukraina prezidentining fikricha, G‘arb Kiyevga yordam hajmini kamaytirsa, bu nafaqat urushni cho‘zib yuboradi, balki G‘arbning o‘zi uchun ham risklar paydo bo‘ladi.

Ukrainlar yetakchisi Kreml bilan murosaga kelish ehtimoli bor degan g‘oyani rad etib, harbiy harakatlar “Rossiya Ukraina hududidan chiqib ketmaguncha” davom etishini ta’kidladi. U buni Rossiya bilan muzokaralar natijasida biror kelishuvga erishilsa ham, bu kelishuv doimiy bo‘lmasligi bilan izohladi.

Volodimir Zelenskiy 2024 yili AQShda bo‘lib o‘tadigan prezident sayloviga ham to‘xtaldi. Ukraina prezidenti amerikalik hamkasbi Jo Bayden lavozimiga qayta saylansa, u Kiyevni qo‘llash siyosatini davom ettirishiga umid bildirdi.

Zelenskiy Yevropa Ittifoqidan ham shunday qo‘llovni kutayotganini qo‘shimcha qilib, ittifoq Ukrainani o‘z tarkibiga qabul qilish bo‘yicha muzokaralarni shu yil boshlashiga umid bildirdi.

Mavzuga oid