19:48 / 22.09.2023
10729

Yil oxirigacha O‘zbekistonning 1,1 million aholisi ilk marta markazlashgan ichimlik suviga ulanadi

Prezident mas’ullarga yil yakunigacha 12 ming km tarmoq va 1300 ta suv inshootini qurish va ta’mirlash vazifasini qo‘ydi. Buning hisobiga 145 ta mahalladagi 1 million 100 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suviga ulanishi, 2 mingta mahalladagi ta’minot yaxshilanishi ma’lum qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 sentabr kuni aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. 

Qayd etilishicha, so‘nggi 6 yilda ichimlik suvi sohasiga davlat budjetidan 14 trillion 500 milliard so‘m ajratilgan. 31 ming kilometr ichimlik suvi va oqova tarmoqlari o‘tkazilgan, 1200 ta suv inshootida qurilish-ta’mirlash bo‘lgan. 6,5 million aholi yashaydigan xonadonlarga ilk bor toza ichimlik suvi kirib borgan. Lekin, hali 30 ta tuman va 1 ming 400 ta mahallada ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash talab etiladi. 

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda shu kabi muammolar muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilandi. 

«O‘zsuvta’minot» aksiyadorlik jamiyatiga yil yakunigacha 12 ming kilometr tarmoq hamda 1300 ta suv inshootini qurish va ta’mirlash vazifasi qo‘yildi. Buning hisobiga 145 ta mahalladagi 1 million 100 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suviga ulanadi, 2 mingta mahalladagi ta’minot yaxshilanadi.

Viloyat hokimlariga xalq deputatlari bilan birga kelgusi yil uchun dastur ishlab chiqib, hukumat qaroriga kiritish topshirildi. Bunda suv ta’minoti darajasi past 30 ta tumanga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Qo‘shrabot tumanida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash, Buxoro va Jizzaxda oqova suv, Guliston, Yangiyer va Shirin shaharlarida kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish kabi loyihalarning bajarilishi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, Buxoro shahrida tozalash va oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 281 million dollarlik loyihaning 75 million dollari iqtisod qilingan. Bu mablag‘ evaziga yana 1150 kilometr suv va 117 kilometr oqova tarmoqlarini qurish mumkin.

Shu kabi loyihalarning xarajatlarini maqbullashtirish, iqtisod qilingan mablag‘larni o‘sha hududdagi suv ta’minoti va oqova tizimini yaxshilashga yo‘naltirish muhimligi aytildi.

Soha mutasaddilari va viloyat hokimlariga yana 24 ta istiqbolli loyihaning texnik-iqtisodiy jihatlari yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Suv yetkazuvchi nasoslarni energiya tejamkoriga almashtirish, soha korxonalarini moliyaviy barqarorlashtirish choralari ham belgilandi.

Top