Jahon | 08:48 / 23.09.2023
4632
3 daqiqa o‘qiladi

BMT Belarusda inson huquqlarining ommaviy ravishda buzilishi haqida ma’lum qildi

BMTda Belarusda inson huquqlari ahvoli haqidagi hisobot tinglandi. Hisobot mualliflari fuqarolik jamiyatiga qarshi tizimli repressiyalar, minglab odamlarning o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olinishi, Belarus qamoqxonalaridagi qiynoqlar va o‘lim holatlarini qayd etgan.

Foto: Sean Gallup / Getty Images

22 sentabr, juma kuni Jyenevada BMT Inson huquqlari kengashining 54-sessiyasida Belarusdagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha yangilangan hisobot tinglandi. Hisobot mualliflari fuqarolik jamiyatiga tizimli bosim, minglab odamlarning soxta ayblovlar bilan qo‘lga olinishi, Belarus qamoqxonalarida qiynoqlar va o‘lim holatlarini qayd etgan.

Hujjatni taqdim etgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining o‘rinbosari Nada Al-Nashif Belarus hukumati muxolifat faollari, jurnalistlar va madaniyat arboblariga qarshi boshlagan «zo‘ravonlik va repressiya kampaniyasini» qayd etdi. Al-Nashifning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yildan beri Belarusda «qonuniy tartib-qoidalar va adolatli sudlov huquqi e’tibordan chetda qolgan» sud jarayonlari natijasida 3750 dan ortiq kishi qamalgan.

BMT Belarus fuqaroligi qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarishlarni tanqid qildi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, bundan tashqari, Belarus qonunchiligidagi so‘nggi o‘zgarishlarni tanqid qildi, u mamlakat hukumatiga «ekstremizm» uchun sudlangan belaruslarni, shuningdek, mamlakat tashqarisida yashovchilarni Belarus fuqaroligidan mahrum qilishga imkon beradi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ta’kidlashicha, bunday qonunchilik yangiliklari «fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun xavf» va «suiiste’mol qilish uchun katta joy» yaratadi.

Kengash, shuningdek, davlatlarni inson huquqlarini buzganlar uchun javobgarlikni ta’minlash uchun universal yurisdiksiyaga tegishli ishlarni tekshirishga chaqirdi.

Tixanovskayaning maslahatchisi: Belarusda inson huquqlari buzilishi - jahon hamjamiyati diqqat markazida 

Uchrashuvda Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskayaning yuridik maslahatchisi Kristina Rixter ishtirok etdi va shunday dedi: «Bunday tinglovlar 2020 yildan beri Inson huquqlari bo‘yicha kengashning deyarli har bir sessiyasida o‘tkazib kelinmoqda. U belarusliklar uchun bu masala dolzarb ekanligini anglatadi. Belarusdagi inson huquqlari va ularning rejim tomonidan buzilishi xalqaro hamjamiyat va BMTning diqqat markazida bo‘lib qolmoqda». 

Shu bilan birga, Belarus hukumatining BMT Jyenevadagi vakolatxonasi doimiy vakili Larisa Belskaya hisobotni tanqid qilib, BMT xulosalari «noxolis», «ishonchsiz manbalardan olingan ma’lumotlarga asoslangan» hamda g‘arb davlatlarining Belarusga qarshi kampaniyasi bo‘yicha «dezinformatsiya va tuhmat»ning bir qismi ekanligini aytdi.

Mavzuga oid