Jahon | 09:16 / 23.09.2023
9032
3 daqiqa o‘qiladi

Qorabog‘ «rasmiysi»: Stepanakert Ozarboyjon qo‘shinlari tomonidan o‘rab olingan

Ozarboyjon harbiylari tan olinmagan TQR shahri chekkasida joylashgan, uning aholisi qo‘shinlar kirib kelishidan xavotirda, dedi Qorabog‘ «hokimiyati» vakili.

Foto: oldhike / TASS

Ozarboyjon armiyasi Stepanakertni qurshab oldi, deya da’vo qilmoqda o‘zini mustaqil deb hisoblovchi Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi (TQR) armanparast rahbariyati. «Ozarboyjon qo‘shinlari butun shahar atrofida joylashgan va odamlar askarlar istalgan vaqtda shaharga kirishi mumkinligidan qo‘rqyapti», dedi 22 sentabr, juma kuni AFP’ga «TQR» «hokimiyati» vakili Armine Ayrapetyan. Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar yerto‘lalarga yashiringan, shaharda elektr, gaz, oziq-ovqat, yonilg‘i, shuningdek, internet va telefon aloqasi yo‘q.

O‘z navbatida, Ozarboyjon Prezidentining yordamchisi Hikmat Hojiyev Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi (XQXQ) vakillari bilan uchrashuv haqida gapirdi. Boku humanitar tashkilotni XQXQ sa’y-harakatlari bilan Lochin va Agdamdan Qorabog‘ga dori-darmon, oziq-ovqat va boshqa tovarlar yetkazib berish uchun barcha sharoitlar yaratilishiga ishontirdi. Bundan tashqari, Ozarboyjon tomoni yarador arman askarlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri tibbiy yordam ko‘rsatishga yoki XQXQ orqali ularga yordam berishga tayyor, deya ta’kidladi Hojiyev. 

Shu bilan birga, TQR Ozarboyjon tomoni bilan «Qorabog‘ mudofaa armiyasi»ni mintaqadan olib chiqish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini e’lon qildi. Maslahatlashuvlar Rossiya tinchlikparvar kuchlari homiyligida o‘tkazilmoqda, deya ta’kidlaydi AFP.

Ozarboyjonning Qorabog‘dagi operatsiyasi 

19 sentabr kuni ertalab Ozarboyjon Qorabog‘da «aksilterror tadbirlari»ni e’lon qildi va tan olinmagan respublika hududini, jumladan, uning poytaxti Stepanakertni o‘rab ola boshladi. Boku arman qo‘shinlarini olib chiqib ketishni va mintaqadagi «rejim o‘zgarishini» talab qilishini bildirdi. 

Ertasi kuni tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Kelishuv doirasida arman harbiylari Rossiya tinchlikparvar kontingentini joylashtirish zonasidan olib chiqiladi, «Qorabog‘ mudofaa armiyasi» qo‘shinlari tarqatib yuboriladi va to‘liq qurolsizlantiriladi, og‘ir harbiy texnika va qurol-yarog‘lar Qorabog‘ hududidan olib ketiladi. Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Bokuning mintaqadagi maqsadlariga erishganini ma’lum qildi. 

Armaniston tomoniga ko‘ra, otishma davomida kamida 200 kishi halok bo‘lgan, yana 400 kishi yaralangan. Bundan tashqari, bir necha rossiyalik tinchlikparvarlar halok bo‘ldi. 

Armaniston bosh vaziriga qarshi namoyishlar 

Mintaqadagi vaziyatning keskinlashuvi Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga qarshi norozilik namoyishlari va uning iste’fosi talab qilinishiga olib keldi. Yerevanda navbatdagi miting 22 sentabr oqshomida bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, norozilik namoyishlari Rossiyaning Armanistondagi elchixonasi oldida tashkil etildi.

Mavzuga oid