Jahon | 13:07 / 26.09.2023
6391
2 daqiqa o‘qiladi

Xonkendidagi portlashda kamida 20 kishi halok bo‘ldi

Qorabog‘ rasmiylari Xonkendi-Askeran avtomagistralidagi yonilg‘i omborining portlashi oqibatida halok bo‘lganlar soniga aniqlik kiritdi. Bundan tashqari, portlashdan keyin 290 nafar jabrlanuvchi tibbiyot muassasalariga yetkazilgan.

Foto: AFP

Qorabog‘ning Xonkendi-Askeran trassasida yonilg‘i saqlash omborining portlashi natijasida kamida 20 kishi halok bo‘ldi. Bundan tashqari, portlashdan keyin jami 290 nafar jabrlanganlar tibbiyot muassasalariga, ularning asosiy qismi Respublika tibbiyot markaziga yetkazilgan. Bu haqda 26 sentabr, seshanba kuni ertalab mahalliy hokimiyat organlari xabar berdi. 

Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, yetti nafar jabrlanuvchi shifoxonada vafot etgan, yana 13 kishining shaxsi aniqlanmagan va ular sud-tibbiy ekspertiza byurosida. Ayni paytda, ko‘plab fuqarolar bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatiga kiritilgan, deyiladi Qorabog‘ sog‘liqni saqlash muassasasi bayonotida. 

Portlash kechasi sodir bo‘lgan. Deputat Metakse Akopyanning so‘zlariga ko‘ra, omborxona hududdan chiqib ketayotgan odamlarni benzin bilan ta’minlagan. Fojia sabablari haqida hozircha ma’lumot olinmagan.

Armanistonning 24news internet nashri Armaniston Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib xabar berishicha, qutqaruvchilar jabrlanganlarni havo va quruqlik orqali kasalxonalarga yetkazishni tashkil etgan, yaradorlarni Armanistonga jo‘natish operatsiyasiga vertolyotlar jalb qilingan. 

 

Mavzuga oid