Jahon | 10:03 / 27.09.2023
4377
2 daqiqa o‘qiladi

Aliyev Blinken bilan Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qildi

Aliyevning ta’kidlashicha, ayni paytda Qorabog‘ hududida yashovchi armanlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha tegishli ishlar olib borilmoqda.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan Qorabog‘ mintaqasidagi vaziyatni muhokama qildi, deb xabar bermoqda Ozarboyjon rahbari matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, telefon suhbati Amerika tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan.

Aliyevning qayd etishicha, Ozarboyjon tomonidan Qorabog‘da olib borilgan aksilterror tadbirlari davomida faqat harbiy obektlar nishonga olingan va tinch aholiga hech qanday zarar yetkazilmagan.

«Amerika tomoniga Armanistonning noqonuniy qurolli kuchlarini qurolsizlantirish va ularni Ozarboyjon hududidan chiqarib yuborish jarayoni davom etayotgani ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, so‘nggi besh kun ichida yuzlab birlikda harbiy texnika, qurol va o‘q-dorilar musodara qilingani qayd etildi. Ozarboyjonda akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy davlatlarning harbiy vakillari hamda BMTning doimiy muvofiqlashtiruvchi idorasi vakili to‘plangan qurol-yarog‘ va harbiy texnikani ko‘zdan kechirgan», — deyiladi xabarda. 

Aliyevning ta’kidlashicha, ayni paytda Qorabog‘ hududida yashovchi armanlar, shuningdek, Ozarboyjonda yashovchi boshqa etnik ozchiliklarning huquqlarini mamlakat qonunchiligi va xalqaro majburiyatlar doirasida ta’minlash bo‘yicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. 

Uning qayd etishicha, Ozarboyjon vakillari va arman aholisi vakillari o‘rtasida reintegratsiya masalalari bo‘yicha muloqot davom etmoqda, Ozarboyjon arman aholisiga humanitar yordam yubormoqda, hududda infratuzilma tiklanmoqda. 

«Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi bilan armanlarga yordam ko‘rsatish sohasida hamkorlik olib borilayotgani, Ozarboyjon tomoni BMT akkreditatsiyadan o‘tgan doimiy muvofiqlashtiruvchi idorasining Qorabog‘ mintaqasiga safarini tashkil etishga tayyorligi ta’kidlandi», — deyiladi xabarda. 

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken mavjud vaziyatdan xavotir bildirdi va mintaqada barqarorlikni ta’minlash va mahalliy armanlar bilan muloqot muhimligini ta’kidladi, deyiladi xabarda. 

Mavzuga oid