Jahon | 08:16 / 29.09.2023
2635
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada rasmiylarning migratsiya siyosatiga munosabat yomonlashdi

Aksariyat nemislar Germaniya kamroq qochqinlarni qabul qilishi kerak, muhojirlarni qabul qilish va integratsiya tizimi yaxshi ishlamayapti, deb hisoblaydi.

Foto: Getty images

Germaniya aholisi orasida rasmiylarning migratsiya siyosatiga munosabat yomonlashdi va nemis aholisining aksariyati uni kuchaytirish va qabul qilingan qochqinlar sonini cheklash tarafdori. ARD telekanali buyurtmasi bilan Infratest dimap instituti tomonidan 18 sentabr, payshanba kuni e’lon qilingan Deutschlandtrend ijtimoiy so‘rovi natijalari shundan dalolat bermoqda.

Respondentlarning katta qismi – 73 foizi – Germaniyada qochqinlarni joylashtirish va tarqatish tizimi «yomon» yoki «juda yomon» ishlayapti, deb hisoblaydi. Respondentlarning atigi 19 foizi tizim ish faoliyatini yuqori baholagan. Bu yangi minimal qiymat, deya qayd etadi ARD. 2018 yil sentabr oyida nemislarning 43 foizi tizimni muvaffaqiyatli deb atagandi. 

Bundan tashqari, respondentlarning 78 foizi qochqinlarning jamiyatga yoki Germaniya mehnat bozoriga integratsiyalashuv sifatini tanqid qilgan. 

Germaniyaning muhojirlarga munosabati yomonlashmoqda 

Umuman olganda, so‘rov nemislarning migrantlarga nisbatan shubhasi ham kuchayganini ko‘rsatdi, deb yozadi ARD. So‘rovda qatnashganlarning 64 foizi migratsiya siyosatida ko‘proq kamchiliklarni ko‘rishini aytdi – bu joriy yilning may oyiga nisbatan 10 foizga ko‘p. 

Nemislarning xuddi shunday - 64 foizi Germaniya kamroq qochqinlarni qabul qilishini xohlaydi. Bu joriy yilning may oyiga nisbatan 12 foiz punktiga ko‘proq. 27 foizi qochqinlarni qabul qilishning hozirgi darajasini saqlab qolishni qo‘llab-quvvatlasa, atigi 5 foiz qochqinlarni qabul qilishni ma’qullaydi. 

Tobora ko‘proq nemislar migratsiya ustidan nazoratni kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlamoqda: so‘rovda qatnashganlarning 82 foizi chegara nazoratini kuchaytirish tarafdori, 77 foizi Afrika davlatlari bilan qochqinlar bo‘yicha bitimlar tuzish tarafdori, 69 foizi esa Jazoir, Marokash va Tunisni xavfsiz mamlakatlar ro‘yxatiga qo‘shish tarafdori. 

Germaniyadagi qochqinlar soni eng yuqori darajaga yetdi 

YeIda O‘rta Yer dengizi orqali Yevropaga yetib borishga urinayotgan muhojirlar sonining keskin o‘sishi noqonuniy muhojirlar oqimini cheklash bo‘yicha chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan keskinlikni keltirib chiqardi, deya qayd etadi dpa agentligi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda Yevropaga dengiz orqali Afrikadan 186 mingga yaqin odam kelgan. Muhojirlarning aksariyati - Tunis (100 mingdan ortiq) va Liviyadan (45 ming). 

2023 yil iyun oyi oxirida Germaniyada yashovchi boshqa mamlakatlardan qochib kelganlar soni so‘nggi o‘n yilliklarda eng yuqori darajaga yetdi. Xorijliklarning markaziy reyestrida 3,26 million kishi qochqinlar ro‘yxatiga kiritilgan, bu 2022 yil oxiriga nisbatan 111 ming kishiga ko‘p. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid