Nuqtayi nazar | 16:27 / 29.09.2023
185688
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shtepa kanali – siyosiy loyiha

O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev Kun.uz'ga bergan intervyusida Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanali loyihasida “boshqa kuchlar” ham borligi haqida ma’lum qildi.

Foto: The Kabul Times

Afg‘onistonga o‘zim borganimda ham ularning o‘zbek xalqiga, prezidentimizga alohida hurmatini ko‘rdim. Bizga shunga yarasha muomala qilishdi. Biz bilan muloqotga tayyor ekanliklarini bildirishdi.

Ularning qishloq xo‘jaligi vaziri aytdiki, kanalning qurilgan qismida suv olish imkoniyati bo‘lsa ham, yuqori hukumat bunga ruxsat bermayapti. Chunki qo‘shni davlatlar bilan kelishuv bo‘lishi kerak deyishyapti. O‘zi Amudaryodan oldin ham Afg‘oniston Panj daryosidan 2,5 mlrd kubga yaqin suv olyapti. Agar Qo‘shtepa kanalidan ham 2 mlrd kub suv olinsa, bizga unchalik ta’sir qilmaydi. Lekin muloqotlar yaxshi bo‘lmasa, 4 mlrd kub suv olishadi. Suv yaxshi bo‘lgan yillari 10 mlrd kubgacha suv olish imkoni bor, ya’ni suv ko‘p bo‘lganda 15-20 mlrd kub suv oqib o‘tadi daryoning shu qismidan. Suv kam yillarda Afg‘oniston suv olmasa ham, suvsiz qolib ketgan paytlarimiz bo‘lgan. Deylik, 2001, 2008, 2011, 2018 yillar shunday suv tanqisligi bo‘ldi. Tsikl bo‘lyapti 3, 7 yillik.

Hali detalli muloqotlar bo‘lgani yo‘q. Lekin 6 xil loyiha variantini o‘rganib chiqdik. Qayerda qanday suv olishi, qayerlarda nasos qo‘yishi, suv omborli varianti, loyqalar to‘lib qolish masalalari ham inobatga olingan. Savollar, variantlar juda ko‘p. Suv tanqis bo‘lgan yillarda 4 mlrd kub suv olishsa, bizga og‘ir bo‘lib qoladi.

Fikrimcha, bu joyda boshqa kuchlar ham bor. Nomlarni aytmaylik, lekin katta iqtisodiy qudratga ega bo‘lgan davlatlar bu masalaga aralashib, mablag‘ berishini aytyapti. Bizning tomon yo‘q, undan qilmanglar, desa, qanaqadir shartlar qo‘yishlari mumkin... Bunday davlatlar kanal loyihasida ham, qurilishida ham qatnashyapti. Siyosiy kelishmovchilik bo‘lmasligi uchun nomlarini keltirmaymiz. Umuman, Afg‘oniston yolg‘iz emas bu masalada.

Hali boshqa siyosiy masalalar bor. Kanal himoyasi, oziq-ovqat masalasi. Faqat kanal emas, siyosiy loyiha desa ham bo‘ladi buni.

Shavkat Hamroyev,
O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri

Yuqoridagi fikrlar Shavkat Hamroyevning Kun.uz'ga bergan intervyusidan“Nuqtayi nazar” rukni uchun ajratib olindi.

Mavzuga oid