O‘zbekiston | 14:38 / 03.10.2023
4384
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda «Yashil energiya» sertifikatini berish tartibi belgilandi

Muayyan davr davomida qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan va elektr tarmog‘iga uzatilgan tegishli miqdordagi MVt/soat elektr energiyasi uchun sertifikatlar faqat bir marta beriladi. 

Hukumat qarori bilan “Yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Sertifikatlarni hisobga olish, savdosini tashkil qilish hamda monitoringini yuritish ishlari emitent nomidan “Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi” loyiha ofisi tomonidan amalga oshiriladi. 

“Yashil energiya” sertifikati birja savdolariga registrant tomonidan standart lotlar asosida sotuvga qo‘yiladi. Savdo sessiyasida sotiladigan bir “yashil energiya” sertifikatining loti 1000 kVt/soat miqdorida belgilanadi. 

Muayyan davr davomida qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan va elektr tarmog‘iga uzatilgan tegishli miqdordagi MVt/soat elektr energiyasi uchun sertifikatlar faqat bir marta beriladi. Sertifikatning amal qilish muddati chegaralanmaydi. 

Registrant va emitent o‘rtasida sertifikat chiqarishning standart shartlari to‘g‘risida shartnoma tuziladi. Registrant platformada ro‘yxatdan o‘tish uchun quyidagi hujjatlarni I-REC (Xalqaro qayta tiklanuvchi energiya manbalarini sertifikatlash tashkiloti) bosh ofisiga emitent orqali yuborish to‘g‘risida murojaat yuboradi:

sertifikat chiqarishning standart shartlari to‘g‘risidagi shartnomaning nusxasi;
oxirgi 12 oylik buxgalteriya balansi va tashqi audit xulosasi (audit qilingan bo‘lsa);
CSD01 shaklidagi to‘ldirilgan va imzolangan co‘rovnoma (korxonaning umumiy, rahbariyat va aksiyadorlar to‘g‘risidagi hamda aloqa ma’lumotlari).

Generatsiya obektini ro‘yxatga olish uchun registrant tomonidan emitentga quyidagi miqdordagi bir martalik yig‘im amalga oshirilayotgan sanadagi Markaziy bankning rasmiy valuta kursi bo‘yicha milliy valutada undiriladi:

quvvati 3 MVtgacha bo‘lgan generatsiya obektlari uchun – 500 yevro miqdorida;
quvvati 3 MVtdan katta bo‘lgan generatsiya obektlari uchun – 1000 yevro miqdorida.

Ro‘yxatdan o‘tuvchining arizasi yig‘im undirilgandan so‘ng emitent tomonidan 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi, ro‘yxatdan o‘tkaziladi va generatsiya obekti platformaga kiritiladi.

Generatsiya obekti platformada bo‘lish muddati 5 yilni tashkil etadi, ushbu muddat tugagandan so‘ng generatsiya obektni qayta ro‘yxatga olish talab etiladi.

Mavzuga oid