Jahon | 08:14 / 04.10.2023
7954
3 daqiqa o‘qiladi

Venetsiyada avtobus ishtirokidagi YTHda 20 dan ortiq kishi halok bo‘ldi

Venetsiyaning Mestre tumanida sayyohlarni olib ketayotgan avtobus temiryo‘l relslari yonidagi yo‘l o‘tkazgichdan qulab tushdi va yonib ketdi. YTHda halok bo‘lganlar orasida bolalar ham bor.

Foto: Reuters

Venetsiyada, Mestre va Marger tumanlarini bog‘lovchi temiryo‘l relslari yaqinida sayyohlarni olib ketayotgan avtobus yo‘l o‘tkazgichdan qulab tushdi va yonib ketdi. Italiyaning Corriere della Sera gazetasi 3 oktyabr, seshanba kuni kechqurun xabar berishicha, ushbu yo‘l-transport hodisasida kamida 21 kishi, jumladan, uch nafar bola halok bo‘lgan. 15 kishi jabrlangan, ulardan to‘rt nafari bolalar, besh nafar yaradorning ahvoli juda og‘ir.

Nashrning yozishicha, avtobusda boshqa yo‘lovchilardan tashqari bir guruh ukrainaliklar va bir necha Germaniya fuqarolari ketayotgan bo‘lgan. Qurbonlar orasida besh nafar Ukraina fuqarosi, bir nemis, bir xorvat, bir fransuz va italiyalik haydovchi bor. 

Fojia sodir bo‘lgan joyga shaxsan tashrif buyurgan Venetsiya meri Luiji Brunyaro voqea sodir bo‘lgan joydan, yon tomonida yotgan avtobusdan qora tutun bulutlari ko‘tarilayotgani aks etgan kadrlarni «qiyomat manzarasi» deb atadi. YTH qurbonlari xotirasiga Venetsiyada motam e’lon qilindi. 

Italiya hukumati qurbonlarning oilalariga hamdardlik bildirdi 

Ma’lum qilinishicha, avtomashina yo‘ldan chiqib, yo‘l o‘tkazgichga o‘tib ketgan, so‘ng panjarani buzib, taxminan 10 metr uchib o‘tgan hamda temiryo‘l relslari yoniga qulagan. Avtobusning yonib ketishi sabablari hozircha aniqlanmagan. Versiyalardan biriga ko‘ra, haydovchi o‘zini yomon his qilgan, ikkinchisiga ko‘ra, avtobusda halokatli siljish oldidan nimadir yonib ketgan. Biroq, politsiya tomonidan so‘ralgan guvohlar keyinchalik ikkinchi versiyani rad etdi. 

Fojia joyiga o‘nlab tez yordam mashinalari jo‘natildi. O‘t o‘chirish brigadasiga jasadlarni olib chiqish uchun bir necha soat kerak bo‘ldi. 

Fojia munosabati bilan Venetsiya meri Luiji Brunyaroga Italiya prezidenti Serjio Mattarella va mamlakat bosh vaziri Jorja Meloni qo‘ng‘iroq qilgan. «Men va butun hukumat Mestredagi jiddiy yo‘l-transport hodisasi uchun chuqur hamdardlik bildiramiz. Bizning fikrimiz qurbonlar, ularning oila a’zolari va yaqinlari bilan», - dedi Meloni. 

Mavzuga oid