Jahon | 13:38 / 05.10.2023
6928
2 daqiqa o‘qiladi

Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha uchinchi sammit Turkiyada o‘tkaziladi

Ukraina bo‘yicha tinchlik sammiti oktyabr oyi oxirida Istanbulda bo‘lib o‘tadi, deb yozadi Bloomberg. Avvalroq Saudiya Arabistoni va Daniyada shunga o‘xshash uchrashuvlar  bo‘lib o‘tgandi.

Foto: Kun.uz

Turkiya Ukraina masalasi bo‘yicha uchinchi tinchlik sammitini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Bunday formatdagi uchrashuv avvalroq Daniya va Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgandi, deb xabar bermoqda Bloomberg manbalarga tayanib, 5 oktyabr, payshanba kuni. 

Uchrashuv oktyabr oyi oxirida Istanbulda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ishtirokchilar «Ukrainada barqaror tinchlikka erishish yo‘llarini» muhokama qiladi, deb yozadi Bloomberg. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, sammitda «cheklangan miqdordagi amaldorlar», jumladan, AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan ham ishtirok etadi. Ittifoqchilar yig‘ilishda Xitoy vakili ham ishtirok etishiga umid qilmoqda, ammo hozircha qat’iy kelishuv yo‘q. 

Uchrashuvga Rossiya vakillari taklif etilmagan, u avvalroq bunday sammitlarni «noqonuniy» deb atagandi, deb ta’kidlaydi Bloomberg. 

Sammit kun tartibida Ukraina uchun tinchlik rejasi bor 

Ukraina va g‘arb rasmiylari Rossiya harbiy harakatlariga nisbatan asosan neytral pozitsiyani egallagan Braziliya va Hindiston kabi davlatlar rahbariyatini Moskva siyosatiga qarshi chiqishga ko‘ndirishga harakat qiladi, deb yozadi Bloomberg. Ittifoqchilar sammitni Ukrainaga o‘z pozitsiyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri bu davlatlarga tushuntirish uchun imkoniyat sifatida ko‘rmoqda. 

Turkiyadagi sammitning kun tartibida Volodimir Zelenskiyning tinchlik rejasi va prezidentning shu yil oxirida ushbu takliflar bo‘yicha global sammit o‘tkazish niyati bor. 

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid