Jahon | 15:53 / 08.10.2023
22201
17 daqiqa o‘qiladi

«O‘rtoq haydovchi, hujjatlaringizni taqdim eting» - Haydovchilik guvohnomasi tarixi

Bugun insonlar o‘z hayotini avtomobilsiz tasavvur qila olmaydi. Uzoqni yaqin qiluvchi bu transport vositasini boshqarish uchun dunyoning barcha davlatlarida maxsus ruxsatnoma talab etiladi. Haydovchilik guvohnomasi deb ataluvchi bunday ruxsatnomalar qachondan berila boshlagan, ushbu materialda uning tarixiga nazar tashlaymiz.

So‘nggi paytlarda har yili jahon bozorida 60 milliondan oshiq yangi mashina sotilmoqda. Jumladan, 2020 yilda 77,7 million, 2021 yilda esa 80,2 million, 2022 yilda 66,2 million dona mashina sotilgan.

Bugun dunyo bo‘ylab 1 milliard 200 milliondan oshiq yengil mashina borligi aytiladi. Agar bunga boshqa turdagi mashinalar ham qo‘shilsa raqam yanada ortadi.

Bundan shunday xulosa chiqarish mumkinki, demak Yer yuzida qariyb 1,5 milliard odamda haydovchilik guvohnomasi bor. Qo‘yida haydovchilik guvohnomasi tarixiga nazar tashlaymiz.

Karl Bensga berilgan ilk ruxsatnoma

1888 yilda Germaniyaning Baden gersogligidagi shaharda Karla Bens tomonidan yasalgan Benz Patent-Motorwagen paydo bo‘ladi. G‘ildiraklari velosipeddan olingan bu uch oyoqlik transport vositasiga ichki yonuv dvigateli o‘rnatilgan edi.

Karl Bens va uning birinchi avtomobili
Foto: alamy.com

Ushbu transport vositasi dunyodagi birinchi avtomobil hisoblanadi va u keyinchalik avtomobilsozlik sohasida amalga oshirilgan inqilobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan.

Karla Bens yasagan transport vositasida hali dvigateldan chiqayotgan kuchli ovozni pasaytiruvchi uskuna (glushitel) o‘rnatilmagan, shu sababli u harakatlanganda juda kuchli shovqin va achchiq tutun chiqarardi.

Ko‘p o‘tmay shahar aholisi Benz Patent-Motorwagen’ning ovozidan va tutunidan bezor bo‘ladi va unga e’tiroz bildira boshlaydi. Shundan so‘ng Baden gersogligi ma’muriyati Karl Bensga umumiy foydalanuvdagi yo‘llarda erkin harakatlanish uchun ruxsatnoma yozib beradi.

Ana shu qog‘oz dunyodagi transport vositasida harakatlanish uchun berilgan ilk ruxsatnoma sifatida qayd etilgan.

Karl Bens o‘zi yaratgan yana bir mashina bilan
Foto: morgenweb.de

Dunyodagi ilk haydovchilik guvohnomasi

1893 yilda Parij shahrida politsiyachi avtomobillardan birini to‘xtatadi. Shunda haydovchida na avtomobil haqida, na o‘zi haqida hech qanday hujjat yo‘qligi ma’lum bo‘ladi.

Shundan so‘ng Lui Lepin ism-sharifli politsiyachi haydovchiga guvohnoma yozib beradi. Guvohnomada «Mexanik dvigatelli transport vositasini boshqarish qobiliyati to‘g‘risidagi ma’lumotnoma» deb yozilgan edi.

Ana shu guvohnoma tarixda berilgan ilk haydovchilik guvohnomasi hisoblanadi. Keyinchalik bunday guvohnomalar boshqa haydovchilarga ham berila boshlangan.

O‘sha paytlarda haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlardan o‘tish talabi bo‘lmagan. Kim murojaat qilib kelsa, unga berilavergan.

Keyinchalik, haydovchilik guvohnomasini berish uchun majburiy imtihon topshirish joriy qilingan. Bu jarayon turli davlatlarda turli yillarda yo‘lga qo‘yilgan.

1910 yilda Germaniyada berilgan ilk haydovchilik guvohnomasi

Oddiy haydovchilik guvohnomasini berish uchun majburiy imtihon topshirish tizimi 1899 yilda Chikago shahrida joriy qilingan.

Britaniyada esa haydovchilik guvohnomasi olmoqchi bo‘lganlarni majburiy imtihondan o‘tkazish ishlari 1934 yildan boshlangan.

Rossiyada birinchi haydovchilik guvohnomasi 1900 yilda Sankt-Peterburg shahrida berilgan. O‘sha yili shahar ma’muriyati boshlig‘i (Gradonachalnik deb atalgan) tomonidan «Avtomobilda yo‘lovchilarni tashish tartibi to‘g‘risida» qaror qabul qilinadi. So‘ng shu qarorga asoslanib avtomobil egalariga haydovchilik guvohnomasi berila boshlanadi.

Jyeneva konvensiyasi       

1949 yil 19 sentabr kuni Shveytsariyaning Jyeneva shahrida avtomobillar harakatini tartibga solish bo‘yicha xalqaro konvensiya qabul qilinadi. Konvensiya bandlarida avtomobillarga taqiladigan raqamlar, haydovchilik guvohnomasining toifalari va texnik pasportlar bo‘yicha yangi normalar qabul qilinadi.

Bu normalar «Avtomobillar harakati bo‘yicha Jyeneva konvensiyasi» deb ataladi va o‘sha paytda uni 19 ta davlat imzolaydi.

Keyinchalik dunyoning qariyb barcha mamlakatlari shu konvensiyaga qo‘shiladi va davlat raqamlari, haydovchilik guvohnomalari hamda texpasportlarni konvensiya normalariga muvofiq tarzda bera boshlashadi.

Jyeneva konvensiyasida ko‘rsatilgan haydovchilik guvohnomalari toifalari

Jyeneva konvensiyasiga ko‘ra haydovchilik guvohnomasidagi toifalar qo‘yidagicha belgilangandi:

·       A toifa – mototsikllar, uch oyoqli avtomobillar, imkoniyati cheklanganlar uchun ishlab chiqarilgan boshqa transport vositalari uchun;

·       B toifa – 3,5 ming tonnagacha bo‘lgan va haydovchi o‘rni bilan birga sakkiz o‘rindiqli avtomobillar uchun;

·       C toifa – Vazni 3,5 ming tonnadan oshadigan yuk mashinalari uchun;

·       D toifa - Haydovchi o‘rnidan tashqari sakkiztadan oshiq o‘rindiqqa ega bo‘lgan avtomobillar (avtobuslar) uchun;

·       E toifa – B, C yoki D toifali avtomobillarga tirkama ulab boshqarish uchun.

O‘zbekistonda Jyeneva Konvensiyasi 1995 yil 17 yanvardan kuchga kirgan.

Vena konvensiyasi

1960 yillarda dunyo bo‘ylab yengil va yuk mashinalar, avtobuslar bilan boshqa ko‘plab transport vositalari paydo bo‘ladi. Shuningdek, yengil va yuk mashinalari tirkamalar taqa boshlashadi.

Shu sababli Jyeneva konvensiyasiga qo‘shimcha ravishda yangi konvensiyaga ehtiyoj tug‘iladi.

1968 yilda Avstriya poytaxti Venada yo‘l harakati bo‘yicha yangi konvensiya qabul qilinadi. Bu konvensiya «Yo‘l harakati bo‘yicha Vena konvensiyasi» deb ataladi.

Unga ko‘ra, eng avval haydovchilik guvohnomasi toifalarga bo‘lib chiqiladi. Bunda, sig‘imi 50 sm kubgacha bo‘lgan mototransport vositalaridan boshlab, sig‘imi 750 sm kub bo‘lgan yirik yuk mashinalari va avtobuslargacha alohida toifalar joriy etish ko‘zda tutilgandi.

Vena konvensiyasida ko‘rsatilgan haydovchilik guvohnomalari toifalari

Jumladan:

·       A toifa – Sig‘imi 50 sm kubgacha bo‘lgan mototransportlar;

·       A1 toifa – Sig‘imi 125 sm kubgacha bo‘lgan mototransportlar;

·       B toifa – Maksimal og‘irligi 3,5 tonnagacha bo‘lgan avtomobillar;

·       BE toifa – 750 kggacha yuk ko‘tara oladigan tirkama taqqan avtomobillar;

·       C1 toifa – 3,5 tonnadan 7,5 tonnagacha bo‘lgan yuk avtomobillar;

·       C1E toifa – 3.5 tonnadan 7.5 tonnagacha yuk ko‘taradigan va tirkama taqadigan avtomobillar;

·       C toifa – Ikki o‘qli yuk avtomobillari;

·       CE toifa – Tirkama taqib harakatlanadigan ikki o‘qli yuk avtomobillari;

·       D1 toifa – Mikroavtobuslar;

·       D1E toifa – Tirkama taqadigan mikroavtobuslar;

·       D toifa – Avtobuslar;

·       DE – Tirkama taqadigan avtobuslar.

Vena konvensiyasiga muvofiq haydovchilik guvohnomasida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi kerak:

·       Haydovchining familiyasi;

·       Haydovchining ismi;

·       Haydovchining tug‘ilgan yili va joyi;

·       Haydovchining fotosurati;

·       Haydovchining imzosi;

·       Haydovchining yashash joyi;

·       Guvohnoma berilgan vaqt;

·       Guvohnomaning amal qilish muddati tugaydigan sana;

·       Guvohnomani bergan tashkilotning nomi va muhri;

·       Identifikatsiya raqami;

·       Guvohnoma raqami;

·       Guvohnomaning qaysi toifaga mansubligi;

·       Toifalar o‘zgargan vaqti;

·       Haydovchining yashash joyi o‘zgargani haqida ma’lumot

Ma’lumotlarning yarmi haydovchining surati bilan birga haydovchilik guvohnomasining old, qolgani orqa tomoniga yozilgan bo‘lishi kerak.

Qozog‘istonda Vena konvensiyasiga muvofiq berilgan haydovchilik guvohnomasi

Yevropaning yagona haydovchilik guvohnomasi

2013 yil 19 yanvar kuni Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar ko‘hna qit’a hududida odamlar foydalanib kelayotgan 100 dan oshiq turli haydovchilik guvohnomalarini tartibga olish uchun yagona haydovchilik guvohnomasi haqidagi Direktivani qabul qiladi.

Mazkur Direktivaga asosan Yevropa ittifoqi davlatlari uchun Vena konvensiyasida qabul qilingan nomalarga mos tushadigan yangi guvohnoma va davlat raqami qabul qilinadi.

Guvohnoma yagona nusxada bo‘lib, undagi ma’lumotlar har bir davlatning rasmiy tilida yoziladi. Faqat guvohnomaning o‘ng tomon tepa qismida Yevropa Ittifoqi bayrog‘i va uning o‘rtasida guvohnoma berilgan davlat nomining xalqaro qisqartmasi yozilgan bo‘ladi.

Yevropa Ittifoqida beriladigan haydovchilik guvohnomasi. Bu Chexiyaga tegishli.

Yevropa Ittifoqi davlatlarida avtomobil raqamlari qariyb bir xil. Raqamning chap tomonida Yevropa ittifoqi bayrog‘i tushirilgan. Uning o‘rtasida yoki ostida raqam berilgan davlat nomining xalqaro qabul qilingan qisqartmasi yoziladi. Qolgan raqam va harflar ketma-ketligi turlicha bo‘ladi.

Bugun Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun joriy qilingan haydovchilik guvohnomasidan ittifoqqa a’zo bo‘lgan 28 ta davlat, ittifoqqa a’zo bo‘lmagan uch davlat (Islandiya, Lixtenshteyn va Norvegiya) foydalanmoqda.

Shuningdek, Yevropa Ittifoqida qabul qilingan davlat raqamidan esa ko‘hna qit’ada joylashgan qariyb barcha davlatlar foydalanmoqda. Ular orasida Yevropa ittifoqiga a’zo bo‘lmagan Ukraina, Gruziya va Turkiyagacha bor.

Turkiyada beriladigan avtoraqam. Turkiya YevroIttifoqqa a’zo bo‘lmagani uchun faqat ko‘k bayroq ko‘rsatilgan.
Gurjistonda berilayotgan avtoraqamlar. Gurjilar ham avtoraqamning chap tomoniga Yevroittifoq bayrog‘i rangini tushirishgan.

Haydovchilik guvohnomasini berish tartiblari va jazolar

Bugun dunyoning aksariyat mamlakatlarida haydovchilik guvohnomasi imtihon orqali, undan o‘tganlarga beriladi. Biroq haydovchilik guvohnomasini olish va imtihondan o‘tkazish turli davlatlarda turlicha.

Qaysidir davlatlarda talablar yengilroq, boshqalarida esa og‘irroq. Masalan, Yevropa ittifoqida haydovchilik guvohnomasini olish osonmas.

AQShda esa uncha qiyin emas. Ayrim shtatlarida oddiy haydovchilik guvohnomasini (bu guvohnoma bilan taksi, avtobus, yuk mashinalarini boshqarib bo‘lmaydi) olish uchun maxsus maktabda o‘qish kerak degan shart yo‘q.

Faqat bor-yo‘g‘i 5 soat o‘rgatuvchi shaxs hamrohligida mashina boshqariladi. Haydovchilik guvohnomasini olish uchun nomzodlar imtihondan o‘tishi va o‘rgatuvchining ijobiy xulosasi bo‘lsa yetarli bo‘ladi.

O‘zbekistonda esa aksincha, haydovchilik guvohnomasini olish uchun albatta maxsus maktabda o‘qigan bo‘lishi kerak. Mustaqil tayyorlanib imtihon topshirishning va haydovchilik guvohnomasi olishning mutlaqo iloji yo‘q.

Lekin, O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasi berish jarayoni korrupsiyalashgan. Hatto mashina boshqarishni bilmaydigan odam ham salmoqli pul evaziga haydovchilik guvohnomasini olishi mumkin.

Har yili O‘zbekistonda pul evaziga haydovchilik guvohnomasini olib bermoqchi bo‘lgan ko‘plab shaxslar ushlanadi.
Foto Bosh prokuratura departamenti

Orqavorotdan surishtirganimizda O‘zbekistonning turli hududlarida oddiy haydovchilik guvohnomasini uning toifasiga qarab 250-600 dollarga olsa bo‘ladi.

Qoidabuzarliklar uchun haydovchilik guvohnomasini olib qo‘yish tartibi dunyoning qariyb barcha davlatlarida bor. Ularning aksariyatida qoidabuzarliklar uchun ballar beriladi va shunga qarab reyting shakllantiriladi.

Qaysidir haydovchining ballari belgilangan ballardan oshsa, uning haydovchilik guvohnomasi ma’lum muddatga olib qo‘yiladi.

Juda ko‘p davlatlarda samarali ishlayotgan bunday tizim O‘zbekistonda joriy etilmagan. Ma’muriy kodeksda bir nechta hollarda qoidabuzarliklar uchun haydovchilik guvohnomasini olib qo‘yish tartibi bor xolos. Qolgan holatlarning barchasida qoidabuzar haydovchilar jarima bilan qutulib ketishadi.

2022 yil 29 noyabr kuni IIV JXD YHXBB 2022 yil 1 dekabrdan boshlab O‘zbekistonda ham jarima ballarini hisoblash tizimi test rejimida ish boshlashi haqida xabar bergandi.

Shundan so‘ng oradan qariyb bir yil o‘tyapti, biroq jarima ballarini hisoblash tizimining test rejimi natijalari nima bo‘ldi, tizim qachon joriy etiladi noma’lumligicha qolmoqda.

IIV YHXBB tomonidan 2022 yil 1 dekabrdan boshlab jarima ballarini hisoblash tizimi test rejimida ish boshlashi haqida xabar bergandi. Biroq bu ish hanuzgacha boshlanmadi.

Xalqaro haydovchilik guvohnomasi

Xalqaro haydovchilik guvohnomasi ingliz tilida International Driving Permit, (IDP) deb ataladi.

Bugungi kunda, Vena konvensiyasiga muvofiq tayyorlangan istalgan haydovchilik guvohnomasi xalqaro tillarga tarjima qilingan ilova bilan xalqaro guvohnoma hisobiga o‘tadi.

Biroq ayrim davlatlarda garchi Vena konvensiyasiga muvofiq tayyorlangan guvohnoma xalqaro tilga tarjima qilingan ilova bilan bo‘lsa ham boshqa mamlakatlarda berilgan haydovchilik guvohnomasi o‘tmaydi.

Bunday holatda boshqa davlatdan kirgan haydovchilar alohida imtihon topshirishlari va uning natijasiga qarab avtomobil yoki boshqa transport vositalarini boshqarish uchun ruxsatnoma olishlari kerak.

Ayrim mamlakatlar esa bunday holatlarda xorijdan kirgan haydovchilarni imtihondan o‘tkazib, ularga alohida ruxsatnoma emas o‘z haydovchilik guvohnomasini beradi.

Bugun dunyoning juda ko‘p davlatlarda xalqaro haydovchilik guvohnomasini beradigan markazlar bor. Ularni olish uchun ariza, milliy haydovchilik guvohnomasi, shaxsni tasdiqlovchi hujjat, 35x45 o‘lchamdagi fotosurat kerak bo‘ladi.

Rossiyada berilayotgan xalqaro haydovchilik guvohnomasi

Kun.uz mazkur masala yuzasidan YHXBB xodimlaridan izoh oldi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda amalda bo‘lgan haydovchilik guvohnomalari Vena konvensiyasi talablariga mos keladi.

Shu sababli ular xalqaro tilga tarjima qildirilgan va notarius tasdiqlagan ilovasi bilan xalqaro haydovchilik guvohnomasi o‘rniga o‘tadi.

O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomalari

O‘zbekistonga ilk mashina Chor Rossiyasi davrida kelgan va katta ehtimol bilan ilk haydovchilik guvohnomalari XX asrning boshlarida berilgan.

Keyinchalik O‘zbekiston ittifoqdosh respublikaga aylantirilgandan so‘ng bu yerda SSSRda joriy qilingan haydovchilik guvohnomalari berilgan.

Sovet davrida berilgan haydovchilik guvohnomasi

Mustaqillikdan so‘ng O‘zbekiston milliy haydovchilik guvohnomalarini joriy qildi. 2000-yillarning ikkinchi yarmida milliy guvohnoma yangi ko‘rinishda joriy qilindi.

2017 yilga kelib O‘zbekistonda yana yangi ko‘rinishdagi milliy guvohnomalar joriy qilindi. Hozir aksariyat haydovchilar ana shu guvohnomalardan foydalanishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid