O‘zbekiston | 16:37 / 11.10.2023
11252
6 daqiqa o‘qiladi

Aholiga yaqinlashtirilgan tibbiyot: Qo‘shrabotning olis tog‘li qishloqlarida bir kun

Respublikamizning olis tog‘ va cho‘l hududlarida yashovchi aholining birlamchi sifatli tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun keyingi yillarda davlat miyoqsida vazifalar belgilab berildi va katta ishlar amalga oshirildi. Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi olis tog‘ qishloqlarida bu borada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdik.

Foto: Kun.uz

Biz eng avval tumandagi Chimmos qishlog‘ida joylashgan «Oqmachit» oilaviy shifokorlik punktida bo‘ldik. Tuman markazi Qo‘shrabot shaharchasidan 38 km olislikdagi ushbu OShP Oqmachit va Chimmos mahallalarida istiqomat qilayotgan 5656 nafar aholiga xizmat qilar ekan. OShPda 3 ta tibbiy brigada, vrachlar va 12 ta hamshira faoliyat ko‘rsatmoqda. Punktda tez yordam xizmati ham yo‘lga qo‘yilgan.

 

«Qo‘shrabot tumanida ayni paytda 45 ta mahalladan 21 tasi olis hududlar sanaladi. Tuman bo‘yicha joyilarda 12 ta oilaviy shifokorlik punktlari ochilib, faoliyat ko‘rsatmoqda. SSV bilan kelishgan holda, tuman hokimining qaroriga asosan 2023 yil yakuniga qadar yana ikkita — «Mayintepa» va «Yuqorisaroy» OShPlari ochilishi belgilangan», — dedi biz bilan suhbatda tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ulug‘bek Shamsiyev.

Bozorkent qishlog‘ida joylashgan «Oqchopsoy» oilaviy shifokorlik punktini ham borib ko‘rdik. Tuman markazidan 70 km olisda joylashgan ushbu manzilda OShP 60-70 km radiusda istiqomat qilayotgan 3640 nafar aholi uchun xizmat ko‘rsatadi.

Kattaqo‘rg‘on tumanilik umumiy amaliyot shifokori Qahhor G‘afurov 2022 yilda o‘z turmush o‘rtog‘i bilan shu olis hududga kelib ishlashmoqda. Ularga bir marta to‘lanadigan 30 million so‘mlik yordam puli berilgan. Oylik maoshlariga har oy ikki million so‘m ustama berilmoqda. Qolaversa, oilaning turar joyi ijarasi uchun ham oyiga 2 bazaviy hisoblash miqdorida yordam berib turilibdi.

Qahhor G‘afurov

E’tiborlisi, «Damas» avtomashinalari o‘rniga tog‘ning past baland va asfalt qilinmagan yo‘llarida bemalol yura oluvchi yo‘ltanlamas UAZ rusumli tibbiy tez yordam mashinasi berilgan.

«Oqchopsoy» OShPda 2 nafar shifokor, 6 nafar patronaj hamshira ishlamoqda. 4 o‘rinli kunduzgi statsionar faoliyat ko‘rsatmoqda. Tez yordam bo‘limi va mashinasi ham bor. Bundan tashqari, Oqchop, Jala va Ko‘kto‘nli qishloqlarida OShPga bo‘ysunuvchi 3 ta mahalla tibbiyot punkti ham bor.

Biz yo‘l-yo‘lakay Oqchop qishlog‘ida joylashgan mahalla tibbiyot punktlaridan birini ham ko‘rdik. Bu maskanlarda oilaviy shifokorlik pukntlarida berilgan ko‘rsatma asosida emlash va ukol qilish kabi muolajalar malakali tibbiyot xodimi tomonidan amalga oshiriladi.

Mijg‘on qishlog‘ida joylashgan «Jonbuloq» OShP tuman markazidan 92 km uzoqlikda joylashgan. Bu yerda 18 km radiusda istiqomat qiluvchi 2200 nafar aholiga xizmat ko‘rsatiladi. OShPda bir nafar vrach, 8 nafar o‘rta tibbiyot xodimi va shuningdek boshqa texnik xodimlar faoliyat ko‘rsatishmoqda. Punktda «Damas» sanitar mashinasi ham kunduz kunlari tibbiyotchilar xizmatida.

Urgut tumanidan kelgan shifokor Miraziz Sattorov ham oilasi bilan ijarada turib ishlamoqda. Unga ham bir martalik yordam ko‘rsatilgan, ijara puli to‘lab berilmoqda. Uning ham oyligiga ustama to‘lanmoqda.

Biz 6 o‘rinlik kunzuzgi statsionarda davolayotgan onaxonlardan biri, 61 yoshli pensioner Alimova Pardagulni suhbatga tordik. Onaxon mavjud sharoit, ko‘rsatilayotgan xizmat, vrachlarning muomalasidan mamnunligini qayd etib o‘tdi. Ilgari bitta ukol uchun ham ancha olisda joylashgan tuman markaziga tushib kelishga majbur bo‘lishganini eslab o‘tdi.

Bu ishlarning barchasi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2022 yil 25 apreldagi «Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-215-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Qayd etib o‘tish kerak, bu OShPlarda 72 turdagi barcha dori vositalari va bog‘lov materiallari hamda shpritslar aholiga davlat tomonidan tekin beriladi. Umuman, dori-darmon xarid qilish uchun ham olis manzillarda oson ish emas. Eng yaqin dorixona OShPdan 32 km olisda joylashgan.

Boz ustiga, har bir OShP artezian quduq qazilib, toza ichimlik suvi bilan ta’minlangan, yilning sovuq fasllarida avtonom isitish tizimi ham faoliyat ko‘rsatadi.

Tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ulug‘bek Shamsiyevning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, TTBga qarashli Toz, Oqchopsoy va Oqmachit OShP binolari Obod qishloq dasturi asosida 4,7 mlrd so‘mga; Pangat va Qo‘shrabot OShP binolari 2022 yilda investitsiya dasturi asosida 3,7 mlrd so‘mga yangidan qurilib aholi foydalanishi uchun topshirilgan. Shuningdek, mahalliy budjet mablag‘lari hisobiga shuningdek tashabbusli budjet loyihalariga ko‘ra tibbiyot maskalari ta’mirlanmoqda, mebel, orgtexnika va turli tibbiyot uskunlari yangilanmoqda, muqobil energiya bilan ta’minlash uchun dizelgeneratori xarid qilinmoqda va quyosh panellari o‘rnatilmoqda.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid