Braziliya Toshkentda elchixona ochish masalasini o‘rganmoqda
O‘zbekiston elchisi Furqat Siddiqovning Braziliyaga tashrifi joriy yil oxirigacha tashkillashtiriladi.
O‘zbekiston elchisi Furqat Siddiqov Braziliyaning AQShdagi elchisi Mariya Viotti bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
Mariya Viotti Braziliyada o‘rnatilgan protokol tartib va taomillarga muvofiq hamda O‘zbekiston elchisini akkreditatsiya qilish masalasini tezlashtirish maqsadida, ushbu mamlakat Tashqi ishlar vazirligi unga ishonch yorlig‘i nusxasini qabul qilish uchun vakolat berganini ma’lum qildi. Braziliyaning AQShdagi diplomatik vakolatxonasida O‘zbekistonning Braziliyadagi elchisi (qarorgohi Vashingtonda) tayinlangani to‘g‘risidagi ishonch yorlig‘i nusxasini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Braziliya elchisi so‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo aylanmasi oshib, yanvar-avgust oylarida 500 million dollarga yetganini, O‘zbekiston Braziliyaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi asosiy iqtisodiy hamkoriga aylanganini qayd etdi.
Uchrashuv davomida Braziliya hukumati tomonidan Toshkentda elchixona ochish masalasi o‘rganib chiqilayotganligi ma’lum qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ishonch yorlig‘ining asl nusxasini Braziliya prezidenti Luis da Silvaga topshirish uchun O‘zbekiston elchisining ushbu mamlakatga tashrifini joriy yil oxiriga qadar uyushtirish bo‘yicha kelishib oldi.
Furqat Siddiqov joriy yil may oyi boshida prezident Jo Baydenga O‘zbekistonning AQShdagi elchisi sifatidagi ishonch yorliqlarini topshirgan edi.
Mavzuga oid
10:00 / 16.12.2024
O‘zbekiston Braziliyaga ilk bor blok-poyezd jo‘natdi
14:45 / 11.12.2024
Braziliya prezidenti miyaga qon quyilishi tufayli operatsiya qilindi
21:13 / 10.12.2024
Dunyoda qahva narxi rekord darajada qimmatlashdi
01:21 / 01.12.2024