Jahon | 08:38 / 19.10.2023
13431
2 daqiqa o‘qiladi

Falastin Haaga sudidan G‘azodagi kasalxonaga hujumni tekshirishni so‘radi

Falastin rasmiylari shifoxonaga qilingan qonli hujum uchun javobgarlikni Isroil o‘z zimmasiga olishi kerakligiga shubha qilmayapti. Ayni vaqtda, Isroil va AQSh raketa Falastin hududidan uchirilganini ta’kidlamoqda.

Foto: Abed Khaled/AP Photo/picture alliance

G‘arbiy sohilni boshqaradigan Falastin milliy ma’muriyati Xalqaro jinoiy suddan (XJS) G‘azodagi shifoxonaga uyushtirilgan va yuzlab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan raketa hujumini tekshirishni so‘radi. «Falastin davlati bugun XJSga ushbu jinoyatni tergov qilish uchun ariza topshirdi. Bizga xalqaro tergov kerak», dedi Falastin milliy ma’muriyatining Fransiyadagi vakili Hala Abu Hasira 18 oktyabr, chorshanba kuni.

Hasiraning so‘zlariga ko‘ra, u raketa hujumida Isroil aybdor ekanligiga shubha qilmaydi. «Yagona javobgar - Isroil. Bu Isroil fuqarolik infratuzilmasini va ayniqsa kasalxonalarni nishonga olgani bo‘yicha birinchi holat emas», dedi u. 

G‘azodagi shifoxona bombardimon qilinishi 

Bir kun avval Al-Ahli kasalxonasi hududida raketa portladi. G‘azo sektorini nazorat qilayotgan HAMAS tashkilotiga ko‘ra, 470 dan ortiq odam halok bo‘lgan, yana 300 kishi yaralangan. HAMAS hujumda Isroilni ayblamoqda. Ko‘pgina musulmon davlatlari ham Isroilni qoraladi. 

Ayni vaqtda, Tel-Aviv portlashga terrorchilik guruhi tomonidan uchirilgan raketa sabab bo‘lganini da’vo qilmoqda. Isroil armiyasi buni isbotlash uchun mo‘ljallangan fotosuratlar va videolarni taqdim etdi. AQSh prezidenti Jo Bayden 18 oktyabr kuni Isroilga qisqa tashrifi chog‘ida shifoxonaga raketa hujumida falastinliklarning o‘zlari aybdor degan Isroil pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. Shu bilan birga, Amerika yetakchisi Pentagondan olgan ma’lumotlarga ishora qildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid